Eron Tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar toʻgʻrisida
2021-yilning 5-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizga tashrif buyurgan Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati hamda istiqbollarini muhokama qildilar.
Vazirlar yaqinda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida boʻlib oʻtgan siyosiy maslahatlashuvlar VI davrasining samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar va barcha darajalarda konstruktiv muloqotni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.
Muzokaralarda ikki davlatning xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi oʻzaro munosabatlariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzaro savdo hajmini koʻpaytirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan mintaqalararo transport-logistika loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda Afgʻoniston masalasi boʻyicha ham fikr almashildi. Oʻzbekiston tomonidan Afgʻonistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri afgʻonlararo muzokaralarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha olib borayotgan amaliy ishlarini Eron tomoni yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida Eron tomoni joriy yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasida ishtirok etish istagida ekanligini tasdiqladi.
Tadbirda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham koʻrib chiqildi.