Eron Prezidenti bilan uchrashuv

2021-yilning 26-oktabr kuni Tehronda Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mezbon O‘zbekiston Rahbariyatiga o‘z ehtiromi va qizg‘in salomlarini yo‘lladi. Yurtboshimizga prezidentlik saylovlarida ishonchli g‘alaba qozongani munosabati bilan uning samimiy tabrik va qutlovlarini yetkazib qo‘yishni so‘radi. 

Eron Prezidenti O‘zbekiston davlat Rahbarini Tehronga rasmiy safar bilan tashrif buyurishga taklif etdi.

I.Raisiy O‘zbekiston Prezidentiga Eron Islom Respublikasining Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lishida qo‘llab-quvvatlagani uchun o‘zining cheksiz minnatdorligini bildirdi.

I.Raisiy Eron Islom Respublikasida O‘zbekiston bilan o‘zaro hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishda hech qanday to‘siq mavjud emasligiga urg‘u berdi.

Eron tomoni O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik doirasida qurilish, transport infrastrukturasini rivojlantirish, energetika, neft va gaz sohalarida o‘zaro aloqalarni kengaytirishdan manfaatdordir. Shu o‘rinda ikki tomonlama hamkorlikning har bir yo‘nalishi bo‘yicha ishchi guruhlar tuzgan holda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni hayotga izchil tatbiq etish zarurligini ko‘rsatib o‘tdi.  

Eron Hukumati Afg‘onistonda doimiy tinchlik o‘rnatish borasida O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidladi.