Dushanbe shahridagi uchrashuvlar to‘g‘risida
2021-yilning 13-iyul kuni ShHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun Dushanbe shahriga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshi, Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar va Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida ushbu mamlakatlar bilan siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar, shu jumladan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yuqori darajadagi xalqaro konferensiyaga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvlarda Toshkent konferensiyasi o‘z vaqtida o‘tkazilayotgan va muhim xalqaro forum ekanligi, u nafaqat Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy o‘zaro aloqalarni faollashtirishga yordam berishi, balki mintaqaviy barqarorlikni ta’minlashga ham samarali hissa qo‘shishi ta’kidlandi.