BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi Ijrochi direktori bilan uchrashuv

2021-yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi (UNODC) Ijrochi direktori Gada Fathi Vali bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va UNODC o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

UNODC rahbariga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tomonlar giyohvand moddalarning noqonuniy aylanishi, uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashda hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlashga kelishib oldilar.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.