BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi dasturini imzolash va ishga tushirish marosimi haqida

2021-yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Toshkent shahrida o‘tkazilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasining (UNODC) Markaziy Osiyo uchun 2022-2025-yillarga mo‘ljallangan dasturini imzolash va ishga tushirish marosimida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, UNODC ijrochi direktori Gada Fathi Vali, Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Akan Raxmetullin, Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Azizbek Madmarov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Huseynzoda va Turkmaniston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vepa Xodjiyev ishtirok etdi.

O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida BMT Narkotiklar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi bilan hamkorlikning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.

Narkotik moddalar savdosi, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurashda mintaqa davlatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha UNODC dasturining oldingi bosqichi samarali bo‘lganini qayd etildi hamda imzolanayotgan Dasturning transmilliy tahdidlarga qarshi kurashishdagi dolzarbligi ta’kidlandi.