BMT Maxsus ma’ruzachisi bilan uchrashuv
2021-yil 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekistonning BMT va uning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
BMT maxsus ma’ruzachisi mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, boshqa davlatlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan shaxslarga samarali yordam ko‘rsatish, jumladan, Yaqin Sharqdagi urush hududlaridan odamlarni, ayniqsa, ayollar va bolalarni vatanga qaytarish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.
Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. Afg‘oniston xalqiga tezkor insonparvarlik yordam ko‘rsatish zarurligi haqida umumiy fikr bildirildi.