BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi bilan uchrashuv

 

 

 

2021-yilning 6-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir bilan uchrashdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston bilan BMT va uning ixtisoslashgan tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati hamda istiqbollari, jumladan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, gender tengligini ta’minlash, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashish va Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish masalalari to‘g‘risida fikr almashildi.

BMT Bosh Assambleyasi raisi O‘zbekistonda davlat va jamiyat qurilishi, iqtisodiyotni liberallashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, shuningdek, O‘zbekistonning mintaqada tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qo‘shayotgan hissasi alohida ta’kidlandi.

Tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, Orol dengizining qurishi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. 

Yaqin kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi yuqori darajali xalqaro konferensiyasida BMT vakillarining ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi.