AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili bilan uchrashuv

2021-yil 2-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi mojaroni hal qilinishining hozirgi holati va istiqbollari, mazkur jarayonga ko‘maklashish mexanizmlari muhokama qilindi.

AQSh Maxsus vakili O‘zbekiston tomonining Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan har tomonlama ko‘magini yuqori baholadi.

Tomonlar tinch, barqaror va suveren Afg‘onistondan umumiy manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar. Mazkur mamlakatda uzoq yillik urushga yakun yasaydigan har tomonlama siyosiy kelishuvga erishish uchun manfaatdor tomonlarning qo‘llab-quvvatlashining dolzarbligi va muhimligi qayd etildi.

Mojaroni harbiy yo‘l bilan hal qilish imkoni yo‘qligi to‘g‘risida umumiy xulosaga kelindi. O‘zbekiston va AQSh afg‘onlararo inklyuziv muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashga va mintaqaviy savdoni rivojlantirishga, investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga hamda Afg‘onistonning mintaqaviy jarayonlarga integratsiyasini tezlashtiradigan tashabbuslar ustida birgalikda ishlashga kelishib oldilar.