AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi administratori bilan uchrashuv
2021-yilning 28-iyun kuni Vashington shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) administratori Samanta Pauer bilan uchrashdi.
O‘zbekiston tashqi siyosat idorasi rahbari S.Pauerni USAID rahbari lavozimiga tayinlanganligi bilan tabrikladi va faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Muzokaralar chog‘ida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish, aholi bandligini ta’minlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi sohalarida hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik muammolarni yechish borasida O‘zbekiston va USAID o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
S.Pauer O‘zbekistondagi islohotlar dasturini amalga oshirishda o‘sishga erishilayotganligini olqishladi hamda Hukumatning ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar taraqqiyot bo‘yicha maqsadlariga erishishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
USAID administratori “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyaga taklif uchun minnatdorlik bildirdi va forum ishida o‘zining ishtirok etishi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyorligini ma’lum qildi.
Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yil oktabr oyida AQSh Hukumati mamlakatimizdagi iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda to‘laqonli missiya ochilishini e’lon qilgan edi. 2021-yil 10-iyunda Mikaela Meredit O‘zbekistondagi USAID missiyasining birinchi direktori vazifalarini bajarishga kirishdi.