AQSh Mudofaa vaziri bilan uchrashuv
2021-yilning 1-iyul kuni Vashington shahriga O‘zbekiston delagatsiyasi rahbari sifatida kelgan Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Mudofaa vaziri Lloyd Ostin bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida Pentagon rahbari vazir Abdulaziz Kamilovni O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi bilan tabrikladi.
Muzokaralarda mudofaa yo‘nalishidagi, mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, umumiy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish kabi sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb jihatlari muhokama qilindi. Turli darajalar va yo‘nalishlardagi muntazam muloqot sababli so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Amerika aloqalari ijobiy o‘sish suratlarini kasb etayotganligi, amaliy mazmun bilan boyib borayotgani qayd etildi.
AQSh Mudofaa vaziri Lloyd Ostin Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi xalqaro sa’y-harakatlarning O‘zbekiston tomonidan ko‘p yillardan buyon qo‘llab-quvvatlanayotganligini hamda ushbu mamlakat iqtisodiyotini qayta tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyasiga ko‘maklashishga tayyorligini olqishladi.