AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashuv
2021-yilning 3-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Uendi Sherman bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSh kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Davlat departamenti vakili AQSh tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan keng o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Mintaqadagi vaziyat va Afg‘onistondagi voqealar rivoji yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonda keng milliy yarashuv va inklyuziv hukumatni shakllantirish jarayoniga ko‘maklashish, mamlakatda insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash, gumanitar inqirozning oldini olish zarurligini ta’kidladilar.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, xususan, Strategik hamkorlik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslan Davletov ishtirok etdi.