Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini topshirish marosimi haqida
2021-yilning 11-iyun kuni Afg‘onistonning Hayraton shahrida afg‘on tomoniga 1000 dona kislorod ballonlaridan iborat gumanitar yukni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu insonparvarlik yordami pandemiyaning uchinchi to‘lqini bilan duch kelgan qardosh Afg‘oniston hukumatining murojaatiga binoan amalga oshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston Prezidentiga ko‘rsatayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rligi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. Ayniqsa, Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston hukumatining favqulodda gumanitar yordam ko‘rsatish haqidagi iltimosiga javob bergan birinchi rahbar bo‘lganini alohida qayd etdilar.
Balx viloyati gubernatori Farhod Azimiy O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilayotgan yordam Afg‘oniston xalqiga chinakam birodarlik munosabatining yorqin namunasi ekanligini ta’kidladi.
Balx viloyat kengashi raisi Muhammad Hadidning aytishicha, O‘zbekiston Prezidenti butun dunyoga o‘zbek xalqining afg‘on xalqi bilan nafaqat pandemiyani yengish, balki Afg‘oniston zaminiga uzoq kutilgan tinchlik va osoyishtalikni olib kelish borasida niyati birligini namoyish etdi.
O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev o‘z nutqida oziq-ovqat va dori-darmonlar Afg‘onistonga pandemiyaga qaramay uzluksiz ravishda O‘zbekiston-Afg‘oniston chegarasi orqali yetkazib berilayotganligini aytdi. O‘zbekiston qo‘shni davlatga har tomonlama ko‘mak berishda davom etishga tayyor.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy ko‘magi ostida afg‘onistonlik shifokorlarning O‘zbekistondagi klinikalarda pandemiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mamlakatimiz tajribasi bilan tanishishlari uchun o‘quvlar tashkil etilgan edi.