Afgʻoniston Prezidenti bilan uchrashuv
2021-yilning 23-fevral kuni amaliy tashrif bilan Qobul shahriga kelgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani tomonidan qabul qilindi.
Vazir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻaniga yoʻllagan maktubini topshirdi.
Suhbat davomida Oʻzbekiston-Afgʻoniston koʻp qirrali munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama hamkorlikning joriy yuqori darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi va barcha sohalarda oʻzaro manfaatli yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga oʻzaro sodiq ekanliklari taʼkidlandi.
Prezident Ashraf Gʻani birodar Afgʻoniston xalqi nomidan Afgʻoniston zaminida tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, mamlakat iqtisodiyotini tiklashda har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Afgʻonlararo siyosiy muzokaralarning uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish va mamlakatda xavfsizlikni taʼminlashdagi muhim oʻrni qayd etildi.
Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.