Afg‘oniston masalasi bo‘yicha vazirlar uchrashuvi to‘g‘risida
2021-yilning 8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bo‘yicha videokonferensaloqa shaklidagi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
AQSh Davlat departamenti va Germaniya Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan yig‘ilishda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarining tashqi siyosiy idoralari rahbarlari hamda BMT, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari qatnashdi.
Tadbirda Afg‘onistondagi mavjud vaziyat, Afg‘oniston inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish va mamlakat aholisiga gumanitar yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.
Asosiy inson huquq va erkinliklariga rioya qilish, xususan, ayollar va milliy ozchiliklar huquqlarini ta’minlash, Afg‘oniston hududida terroristik tashkilotlar faoliyat yuritishini oldini olish borasidagi Tolibonning majburiyatlarini bajarishi muhimligi qayd etildi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida Afg‘oniston uchun mojarolardan keyingi strategiyani ishlab chiqish, jumladan, uning iqtisodiyotini tiklash, mamlakatning mintaqaviy integratsion jarayonlarga jalb qilish, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish zarurligiga e’tibor qaratdi.