Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi to‘g‘risida
2021-yilning 27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar idoralari rahbarlarining Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan navbatdagi uchrashuvida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri o‘z nutqida bugun Afg‘onistonda mutlaqo yangi voqelik yuzaga kelganini ta’kidladi. To‘liq vakolatli hamda xalqaro e’tirofga ega bo‘lishga intilayotgan Muvaqqat hukumat tuzildi.
Qayd etilganidek, Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqa davlatlari, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlarning milliy manfaatlariga bevosita daxldor mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qoladi.
Ayniqsa, hozirgi zamonaviy bosqichda ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Forum ishtirokchilari Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, birodar afg‘on xalqiga tezkor insonparvarlik va boshqa yordam ko‘rsatish masalasida xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim ahamiyat kasb etishini bildirdilar.