Yaponiya Elchisi bilan uchrashuv

2020 yil 6-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg’oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fujiyama bilan uchrashdi.

Suhbat davomida tomonlar Afg’onistondagi mojaroni hal qilish bilan bog’liq masalalarni, shuningdek, ushbu yo‘nalishidagi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Yaponiya tomoni Afg’onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikni o‘rnatish, butun afg’on xalqi manfaatlari yo‘lida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga faol hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

Tomonlar Afg’onistonda Pokiston portlariga kirish imkoniyatiga ega bo‘lgan “Mozori Sharif – Qobul” temir yo‘li, shuningdek, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish kabi yirik loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Yaponiya Elchisi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasi paytida aytilgan ushbu tashkilot tarkibida Afg’oniston bo‘yicha doimiy qo‘mita tuzish tashabbusiga katta qiziqish bildirdi.