TIV Konsullik-huquqiy departamenti axboroti
Ijtimoiy tarmoqlarda va elektron ommaviy axborot vositalarida Turkiyaning Jivril shahrida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining majburan ushlab turilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalishi munosabati bilan mamlakatimizning Anqara shahridagi Elchixonasi Turkiya Respublikasining vakolatli idoralariga rasmiy murojaat qildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Sh.X. Turkiya fuqarosi J.Ch.ga turmushga chiqish uchun 2020-yil 14-noyabrda Turkiyaga kelgan. Qisqa muddat birga yashagandan so‘ng, u oilaviy hayoti va ijtimoiy sharoitidan norozi ekanligi, shuningdek, onasining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.
Elchixona xabar berishicha, hozirgi kunda mazkur vatandoshimiz Denizli viloyatidagi ixtisoslashgan shifoxonalardan birida koronavirus infeksiyasini davolash uchun muolaja olmoqda. Shu sababli u bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati mavjud emas.
Denizli viloyati jandarmeriyasining ma’lumotlariga ko‘ra, bemorning ahvoli barqaror, deb baholanmoqda, hamyurtimiz tanasida jarohatlar aniqlanmagan.
Ushbu masala Denizli viloyati prokuraturasining maxsus nazoratiga olingan, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat O‘zbekistonning Turkiyadagi Elchixonasining doimiy nazoratida, vakolatli organlar va hamyurtimiz davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatilgan.