TIV Konsullik-huquqiy departamenti axboroti
Mamlakatimizning Istanbul shahridagi (Turkiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil 12-dekabr kuni Istanbulning Chatalja tumanida yuzaga kelgan o‘zaro janjal oqibatida O‘zbekiston fuqarosi X.X. (1986-yilda tug‘ilgan) jarohat olib, vafot etdi.
Ushbu jinoyatni sodir qilishda gumonlanib O‘zbekiston fuqarosi D.X. (1993-yilda tug‘ilgan) qo‘lga olingan va holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan.
Bosh konsulxona ushbu holatni nazoratga oldi, marhumning qarindoshlariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatmoqda va huquqni muhofaza qilish idoralari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Marhumning jasadini 16-dekabr kuni Vatanga yuborish rejalashtirilgan.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi hamda Turkiya, Bolgariya, Ruminiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarur holatlarda Istanbul shahridagi Bosh konsulxonaga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +90 212-323-20-36, +90 212-323-20-37.