Polsha Elchisi bilan uchrashuv
2020-yilning 29-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Polsha Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Pyotr Ivashkevichni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Polsha ko‘p qirrali aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda sezilarli faollashuvga ega bo‘lgan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish Polsha bilan aloqalarning asosiy yo‘nalishi ekanligi ta’kidlandi. Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Polshaga eksport qilish hisobiga 2020-yil yanvar-sentabr oylarida savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga o‘sdi.
Suhbat davomida madaniy-gumanitar hamkorlikni faollashtirishga, xususan, ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirdilar. Hozirda Andijonda Varshava menejment universitetining filialini ochish loyihasini amalga oshirish masalasi ustida ish ketayotgani ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida Elchining ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlash va rivojlantirishdagi faoliyatiga yuqori baho berildi.
Elchi Polshaning Toshkent shahridagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati qo‘llab-quvvatlangani uchun minnatdorchilik bildirdi.