Pokiston Elchisi bilan uchrashuv
2020-yil 9-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Pokiston Islom Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Sayid Ali Asad G‘iloniyni qabul qildi.
Vazir Elchining ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib oldi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlarining hozirgi holati va ularni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, shuningdek, BMT, ShHT, Islom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish masalalari hamda turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlarning jadvali bo‘yicha fikr almashdi.
O‘zaro tovar ayirboshlashning izchil o‘sayotgani hamda ikki tomonlama savdo hajmlarini yanada oshirish uchun ulkan salohiyatning mavjudligi mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yishga qiziqish bildirildi.
Afg‘onistonda tinchlik jarayonini ilgari surish hamda mazkur mamlakatda transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining alohida masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.