O‘zbekistonning Turkiyada bo‘lib turgan yoki mazkur davlatga borishni rejalashtirayotgan fuqarolari diqqatiga

2020-yil 17-noyabr kuni Turkiya Respublikasi rasmiy hokimiyat idoralari yangi turdagi COVID-19 koronavirusi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida karantin choralari kuchaytirilganini ma’lum qildi.

Yangi cheklovlar 2020-yil 20-noyabrdan kuchga kiradi. 

Bundan avvalroq 65 yoshdan katta fuqarolarning ko‘chaga chiqishlariga o‘rnatilgan cheklovlar endi 20 yoshdan kichik shaxslarga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Mamlakatda dam olish kunlari uydan chiqishga qisman taqiq joriy etilmoqda. Mamlakat bo‘ylab dam olish kunlari qisman komendantlik soati ham amal qiladi. Aholiga faqat mahalliy vaqt bilan soat 10:00 dan 20:00 gacha ko‘chaga chiqishga ruxsat beriladi.

Jamoatchilik muassasalari, bozorlar, savdo markazlari, do‘konlar, restoranlar, kafelar, sartaroshxonalar hafta davomida soat 10:00 dan soat 20:00 gacha ishlaydi. Restoranlarga faqat buyurtmalarni yetkazib berish yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatishga ruxsat etilmoqda. Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlari hozirgi vaqtdagidek tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020-yil oxirigacha uzaytirilmoqda.

Ko‘chada sigaret chekishga taqiq ham o‘z kuchida qoladi.

Bundan tashqari, mahalliy hokimiyat organlariga epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda, qo‘shimcha cheklov choralarini joriy etish huquqi berildi. Xususan, Turkiyadagi koronavirus bilan kasallananishning deyarli yarmi qayd etilgan Istanbul shahri rasmiylari 2020-yil 19-noyabrdan boshlab muzeylar va san’at markazlari, suzish havzalari va konsert zallarini yopmoqda.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston Elchixonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan, doimiy yashayotgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan fuqarolarimiznidan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘lish hamda Turkiya Respublikasi rasmiy idoralarining aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablariga amal qilishga chaqiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi