O‘zbekiston va BAA o‘rtasida bojxona sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim kuchga kiradi

2020-yilning 14-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Birlashgan Arab Amirliklari Hukumati o‘rtasida bojxona ishlarida hamkorlik va o‘zaro yordam to‘g‘risidagi Bitim kuchga kiradi.

Hujjat 2019-yil 25-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida imzolangan edi.

Bitim bojxona qonunchiligi buzilishini oldini olish, surishtirish va unga qarshi kurashishda o‘zaro yordam ko‘rsatish tartibini belgilaydi. Mazkur hujjat doirasida ikki mamlakat bojxona organlari ularning hududlarida amaldagi bojxona qonunchiligini buzish maqsadida foydalanilgani yoki foydalanilishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumot yoki shubha mavjud bo‘lgan shaxslar, tovarlar va transport vositalari to‘g‘risida bir-birlariga ma’lumot taqdim etadilar.

Hujjat o‘zaro tashqi savdo bo‘yicha statistika ma’lumotlarini “ko‘zguli statistika” tamoyili bo‘yicha ishonchliligini ta’minlash va tovarlarning bojxona qiymatini nazorat qilish, moddiy-texnik infratuzilmani mustahkamlash va kadrlar malakasini oshirish orqali bojxona ma’muriyatini modernizatsiya qilishga yordam beradi.