O‘zbekiston TIV rahbari “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi
2020-yil 17-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” 16-vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari hamda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv chog‘ida Vazir Abdulaziz Kamilov koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish va Markaziy Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini mustahkamlash bo‘yicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishning zarurligiga e’tibor qaratdi.
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi hamda O‘zbekistonning “PBT+” tizimi benefitsiar mamlakat maqomini olishi Yevropa Ittifoqi bilan o‘zaro aloqalarning jadallashuvi uchun yangi turtki beradi.
2019-yilda qabul qilingan YIning Markaziy Osiyo bo‘yicha strategiyasida ko‘zda tutilgan tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishning borishi tahlil qilinib, mazkur yo‘nalishdagi birgalikdagi ishlarni faollashtirishning mexanizmlari ko‘rib chiqildi.
YIning 2021-2027-yillardagi yangi budjet davri doirasida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini kengaytirishning dolzarbligi e’tirof etilib, bu jarayon mintaqa davlatlari hayotining qishloq joylarini rivojlantirish, ta’lim sifatini yaxshilash, samarali davlat boshqaruvi va tibbiyot kabi jabhalarini qamrab olishi kerakligi aytildi.
O‘zbekiston TIV rahbari mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit koridorlariga chuqur integratsiyasini ta’minlash masalasi Markaziy Osiyo davlatlarining strategik vazifasi ekanligini qayd etdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida mazkur tashkilot shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish tashabbusi ilgari surildi. Uning amalga oshirislishi mintaqada diversifikatsiyalashgan transport-tranzit yo‘llarini shakllantirish imkonini beradi.
Tovarlar va xizmatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish borasidagi munosabatlarni yaxshilash orqali savdo-iqtisodiy sohadagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘onistonda mustahkam tinchlikning o‘rnatilishi butun mintaqa barqarorligi va farovonligi kafolati bo‘ib xizmat qilishi ta’kidlandi. Yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali mazkur mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinishi afg‘on muammosining tez fursatlarda bartaraf etilishi uchun zarur sharoitni yaratadi
O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri madaniy-gumanitar, turizm, fan, ta’lim va innovatsiya sohalaridagi ko‘p tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga ham batafsil to‘xtaldi.
Vazirlar uchrashuvi yakunlariga ko‘ra Qo‘shma kommyunike qabul qilindi.