O‘zbekiston TIV Operativ shtabi axboroti

Maxsus komissiya qarori bilan, shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Transport vazirligining birgalikdagi faoliyati natijasida 2020-yilning 28-oktabr kuni Abxaziyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarining 299 kishidan iborat ikkinchi guruhi Sochi shahridan “Uzbekistan Airways” AJning charter reyslari bilan Vatanga qaytarildi.

Avvalroq, 9-oktabr kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ maxsus poyezdida yordamga muhtoj (homilador ayollar, qariyalar, kasallar va bolali ayollar) 19 nafar hamyurtlarimizdan iborat birinchi guruh Vatanga qaytarilgan edi.

Ayni paytda O‘zbekiston diplomatlari ushbu chegaraoldi hududida bo‘lib, Abxaziyadagi vatandoshlar bilan bog‘liq vaziyatni nazorat qilmoqda.

Hozirgi vaqtda Rossiya tomoni bilan Rossiya Federatsiyasi hududi orqali Abxaziyada qolgan O‘zbekiston fuqarolarini yurtimizga olib kelishni tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yaqin vaqt ichida Sochi shahridan navbatdagi charter reyslarni amalga oshirish kutilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi paytida fuqalorning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Xorjiy mamlakatlar hududidagi vatandoshlarimizdan ommamiy to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ynmasliklarini yana bir bor so‘raymiz.