O‘zbekiston Elchisi Estoniya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
2020-yil 29-oktabr kuni mamlakatimizning Latviyadagi Elchisi Qadamboy Sultonov O‘zbekiston Respublikasining Estoniya Respublikasidagi birinchi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Riga shahrida) sifatida ishonch yorliqlarini topshirdi.
Estoniya Prezidenti Kersti Kalyulaydga ishonch yorliqlarini topshirish marosimi davlat rahbarining “Kadriorg” saroyida bo‘lib o‘tdi. Protokolga muvofiq saroyning kirish qismida O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarildi, harbiy orkestr ijrosida mamlakatimiz madhiyasini yangradi va Elchi Estoniya rahbarining faxriy mehmonlari kitobiga yozuv qoldirdi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan qisqa suhbat chog‘ida Prezident Kersti Kalyulayd birinchi marotaba O‘zbekistonning Estoniyadagi Elchisini tayinlashi bilan O‘zbekiston-Estoniya hamkorlik darajasini ko‘targani uchun O‘zbekiston rahbariyatiga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Prezident Kersti Kalyulayd Estoniya Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish va modernizatsiya qilish, jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan faol ravishda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarga katta ahamiyat berishini ta’kidladi.
Shuningdek, u Toshkentning Markaziy Osiyoda do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlari, Afg‘onistondagi tinchlik jarayonidagi O‘zbekistonning muhim roli, Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlariga qiziqish bildirdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Estoniya xalqlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.