O‘zbekiston delegatsiyasi “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” hamkorlik forumida ishtirok etdi

2020-yil 25-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahrida bo‘lib o‘tgan “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 13-hamkorlik forumida ishtirok etdi.

Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirlari pandemiya sharoitida mamlakatlarning barqarorligi va izchil rivojlanishini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashning istiqbollarini muhokama qildi.

O‘zbekiston TIV rahbari o‘z nutqida o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlikka asoslangan adolatli global tizimni shakllantirish orqali koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikdagi kurashni, davolash usullarini takomillashtirish hamda yangi epidemiologik-sanitar standartlar va qoidalarni joriy etish bo‘yicha axborot almashishni davom ettirishning zarurligini qayd etdi. Aholi salomatligini himoya qilish va iqtisodiyotning ishlashi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashning muhimligi ta’kidlandi.

Forum qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish borasidagi tashabbusining konseptual ahamiyati haqida ma’lumot berildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari davlat idoralari, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy hayotning boshqa sohalari faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishning dolzarbligini alohida ta’kidladi.

Tadbir ishtirokchilari e’tibori iqlim o‘zgarishining Markaziy Osiyo mintaqasi barqaror rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganiga ham qaratildi. Shu nuqtayi nazardan Orol dengizi qurishining ekologik oqibatlari, Orolb‘oyi aholisiga xalqaro hamjamiyat tomonidan ko‘mak ko‘rsatilishining mexanizmlari tahlil qilindi.

Forum yakunida Qo‘shma boyonot qabul qilindi.