Koreya Respublikasi Bosh vaziri bilan uchrashuv
2020-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 13-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahirga kelgan Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari rahbarlari tarkibida Koreya Respublikasi Bosh vaziri Chon Se Gyun bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston TIV rahbari ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchga asoslangan munosabatlar “alohida strategik sheriklik” xarakteriga ega davlatlararo hamkorlikning asosi hisoblanishini qayd etdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarning faollashgani ta’kidlandi. Natijada O‘zbekistonda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni so‘nggi yillarda ikki baravarga oshdi.
Fan, ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish va “yashil” texnologiyalarni joriy qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
Sog‘likni saqlash va farmasevtika jabhalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Koronavirus infeksiyasi va boshqa zamonaviy epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashish uchun mazkur yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning muhimligi qayd etildi.