“Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi ishlar vazirlarining majlisi to‘g‘risida
2020-yil 28-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya shaklida “Hindiston-Markaziy Osiyo” muloqoti tashqi siyosat idorlari rahbarlarining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda, shuningdek, Hindiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston tashqi ishlar vazirlari qatnashdi.
O‘tgan yili Samarqandda boshlangan ushbu diplomatik platforma mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish uchun dolzarb va samarali mexanizm ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida vazirlar Hindiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-kommunikatsiya, sayyohlik, madaniy-gumanitar, ekologiya va boshqa sohalardagi aloqalarni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash maqsadida tomonlarning huquqni muhofaza qilish idoralari o‘rtasida hamkorlik, transchegaraviy xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston tomoni mintaqaviy muammolarni aniqlash uchun muntazam ravishda ekspertlar uchrashuvlarini tashkil etishni taklif qildi.
Uchrashuv ishtirokchilari mintaqadagi xavfsizlik va barqarorlik Afg‘onistondagi vaziyat bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidladlar. Shu nuqtayi nazardan tomonlar Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy va transport-tranzit hamkorligiga yanada jalb qilish, ushbu sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish tarafdori ekanliklarini ma’lum qildilar.
TIV rahbarlari Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlarining sanitar-epidemiologiya xizmatlari o‘rtasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidladilar.
Vazirlar bugun bo‘lib o‘tgan Hindiston-Markaziy Osiyo ishbilarmonlar kengashining ikkinchi yig‘ilishi natijalarini olqishladilar.
Tadbir yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonot qabul qilindi.