Hindiston Elchisi bilan uchrashuv
2020-yilning 14-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Hindiston Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi Manish Prabhatni qabul qildi.
Vazir ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qilib olar ekan, doʻst Hindiston mamlakati Elchisini qutladi, uni yuqori va masʼuliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda samarali faoliyat tiladi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati hamda rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston-Hindiston munosabatlari rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilib, ijobiy surʼat kasb etayotgani qayd etildi. Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Tomonlar turli darajalarda boʻlib oʻtadigan qoʻshma tadbirlar jadvali boʻyicha fikr almashdilar. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari oʻrtasida navbatdagi siyosiy maslahatlashuvlarni oʻtkazish taklif qilindi.
Koronavirus pandemiyasining ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarga salbiy taʼsiri oldini olish va oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish yuzasidan qoʻshimcha choralar koʻrish zarurligi taʼkidlandi.
Tibbiyot, farmatsevtika, taʼlim va innovatsiya sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasida sayyohlik almashinuvini qayta tiklash, oʻzaro sayyohlar oqimini oshirishga qiziqish bildirildi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.