Afg‘oniston Oliy milliy yarashuv kengashi raisi bilan uchrashuv
2020-yilning 11-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Afg‘oniston Islom Respublikasi Oliy milliy yarashuv kengashi raisi Abdulla Abdulla bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida turli sohalardagi ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlari holati va ularni yanada faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatish hamda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Transport, logistika, energetika, savdo va ta’lim sohalarida investitsiya va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Afg‘onistonda tez orada tinchlik va barqarorlikka erishish uchun mazkur mamlakatni Markaziy Osiyodagi integratsiya jarayonlariga jalb qilishni jadallashtirishning muhimligi qayd etildi.
Muzokaralarda ikki tomon kun tartibining o‘zaro manfaatli boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.