×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
15:23:13 (GMT +5), shanba, 8 - avgust 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


9 - iyun 2020

COVID-19 pandemiyasi davridagi Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalarning faoliyati to‘g‘risida

(2020-yil 8-iyun holatiga ko‘ra)


2020-yilning 16-mart kuni xorijiy mamlakatlarda joriy qilingan karantin choralari sababli chet elda bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan yuz beradigan qiyinchiliklarni o‘z vaqtida hal qilish hamda vatandoshlarimiz duch keladigan noodatiy holatlarga tezkorlik bilan chora ko‘rish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, elchixonalari va konsullik muassasalarida operativ shtablar tashkil etildi.

O‘zbekistondan tashqarida bo‘lgan fuqarolarimizning istalgan vaqtda murojaat qilishlariga sharoit yaratish uchun diplomatik vakolatxonalarimiz bilan bog‘lanish ma’lumotlari (telefonlar, elektron pochtalar, turli internet kanallaridagi manzillar) rasmiy internet-resurslarda joylashtirildi, turli ijtimoiy messenjerlar va OAVda tarqatildi.

Diplomatik vakolatxonalar huzuridagi operativ shtablar 24 soatlik rejimda faoliyat ko‘rsatmoqda va hamyurtlarimizga konsullik-huquqiy, moddiy-moliyaviy, siyosiy-diplomatik va boshqa turdagi ko‘mak berish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatimizning diplomatik vakolatxonalari koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan tushuntirish ishlarini ham olib bormoqda. Rasmiy veb-saytlar, “Facebook”dagi sahifalar, Telegram-kanallar orqali O‘zbekiston va fuqarolarimiz bo‘lib turgan mamlakatlardagi karantin choralari shartlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida dolzarb yangiliklar doimiy ravishda tarqatilmoqda. Bu ishda o‘zbek diasporasining faol vakillari, ko‘ngilli volontyorlar va xorijiy mamlakatlarning mahalliy hokimiyatlari sezilarli ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Diplomatik missiyalar huzuridagi shtablar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining har qanday so‘rovlariga tezkorlik bilan javob qaytarish bo‘yicha faol ishlar amalga oshirilmoqda, jumladan charter reyslari bilan vatanga qaytishda ko‘mak so‘rab murojaat qilgan hamyurtlarimizning ro‘yxatlari tuzilmoqda, ma’lumot har kuni yangilanib, Respublika maxsus komissiyasiga yo‘llanmoqda.

Idoralar o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan uzluksiz ishlar natijasida joriy yilning 16-martidan 7-iyuniga qadar 108 ta charter reyslari tashkil etilib, 16031 nafar vatandoshlarimiz (Rossiyadan – 10758, Turkiyadan – 1920, BAAdan – 1387) O‘zbekistonga olib kelindi. Bundan tashqari 40633 nafar fuqarolarimizning O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasini, 4882 kishining O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini, 592 kishining esa O‘zbekiston-Tojikiston chegarasini kesib o‘tgan holda to‘siqsiz vatanga qaytishlariga ko‘mak ko‘rsatildi. 18-19-may kunlari Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasida (“Mashtakovo” nazorat-o‘tkazish punkti) to‘plangan 1206 nafar O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali vatanga qaytarildi.

1-iyun holatiga ko‘ra xorijiy mamlakatlardagi tezkor shtablarga yordam so‘rab murojaat qilgan chet ellardagi fuqarolar soni 104 mingdan ortiqni tashkil etdi.

Xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan birgalikda viza muddatlarini uzaytirish masalalari ishlab chiqilmoqda, yuridik va konsullik xizmatlari ko‘rsatilmoqda, ehtiyojmand fuqarolarga vaqtincha turar joy, oziq-ovqat, dori-darmon, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqalar bilan ta’minlashda yordam ko‘rsatilmoqda.

Shu nuqtayi nazardan ta’kidlash joizki, 2020-yil 14-may kuni mamlakatimizning Rossiyadagi Elchixonasi qiyin vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga bir martalik moliyaviy yordam to‘lashni ko‘zda tutadigan “Mehr” loyihasini ishga tushirdi. 6-iyun holatiga ko‘ra, 2428 nafar O‘zbekiston fuqarolar 14935076 rubl (taxminan 218 ming AQSh dollari) miqdorida moliyaviy yordam oldilar.

25-martdan 28-maygacha diplomatik vakolatxona Moskva shahridagi o‘ta qiyin vaziyatdagi O‘zbekiston fuqarolarining yashash va oziq-ovqat uchun jami 6700560 rubl (taxminan 100 ming AQSh dollari) to‘ladi. Shu kabi choralar Rossiyaning boshqa shaharlarida joylashgan bosh konsulxonalari tomonidan ham amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi 10 mingdan ortiq vatandoshlarimizga oziq-ovqat tarqatilishini tashkillashtirdi, 150 dan ortiq oziq-ovqat paketlari va 1000 dan ortiq fuqarolarga 180 ming turk lirasi qiymatidagi 1800 ta oziq-ovqat talonlari tarqatildi. Shu kabi ishlar boshqa ko‘plab xorijiy shaharlarda ham amalga oshirildi.

O‘zbekistonning elchixonalari va konsullik muassasalari koronavirusga qarshi kurashda insonparvarlik yordami va texnik ko‘mak jalb qilish uchun maqsadli ishlarni amalga oshirdi. 10-aprel kuni O‘zbekistonning AQShdagi diplomatik vakolatxonalari tashabbusi bilan va diaspora tashkilotlari ko‘magida “Biz O‘zbekistonga befarq emasmiz” nomli xayriya aksiyasi boshlandi. Aksiya doirasida 28-may holatiga ko‘ra 61675 AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ yig‘ilib, “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondining maxsus hisob raqamiga o‘tkazildi. Mablag‘ yig‘ish davom etmoqda.

O‘zbekistonning Germaniyadagi Elchixonasi ham “Kuch birlikda” xayr-sahovat aksiyasi tashabbusi bilan chiqdi. Yig‘ilgan mablag‘lar hisobidan 705 oilaga qariyb 10 ming yevro miqdorida yordam ko‘rsatildi. Mamlakatimizning Koreya Respublikasidagi Elchixonasi tomonidan xayriya mablag‘larini yig‘ish bo‘yicha olib borilgan maqsadli ishlar natijasida 100 ming AQSh dollaridan ortiq mablag‘ Jamoatchilik fondi hisob raqamiga o‘tkazildi.

O‘zbekistonning Londondagi Elchixonasi tomonidan Buyuk Britaniyaning “BAT” kompaniyasi tomonidan 2 milliard so‘m pul o‘tkazilishi va o‘pkani sun’iy shamollatish apparatlarini xarid qilish uchun 200 ming AQSh dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilishi masalasi hal qilindi. Mamlakatimizning Anqara shahridagi Elchixonasi O‘zbekistonga 50 dona o‘pkani sun’iy shamollatish moslamalarini beg‘araz asosda yetkazib berishni tashkil qildi.

Umuman olganda, Vazirlik va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalarining faol harakatlari natijasida “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondining hisob raqamiga deyarli 250 ming AQSh dollari o‘tkazildi. Shuningdek, chet eldagi diplomatik vakolatxonalar yordamida tibbiy jihozlar olish uchun 400 ming AQSh dollaridan ko‘proq mablag‘, shaxsiy himoya va gigiena vositalari, tibbiy asboblar va buyumlar ko‘rinishidagi bir necha yuz tonna insonparvarlik yordami O‘zbekistonga jalb qilindi.

O‘zbekistonning AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Fransiya, Koreya Respublikasi va Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha tajriba almashish maqsadida mazkur mamalakatlar reanimatologlari, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislari va terapevtlari bilan o‘zbekistonlik tibbiyot xodimlari o‘rtasida videokonferensaloqalar tashkil etildi. Bundan tashqari, Janubiy Koreyadan 2 nafar professor va Xitoydan 15 nafar tibbiyot mutaxassislari kasallikka tashxis qo‘yish, davolash, oldini olish va nazorat qilishda ko‘mak berish uchun taklif etildi.

Koronavirus pandemiyasi global muammolarga qarshi kurashda samarali natijalarga erishish uchun kuchlarni birlashtirish zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Hozirgi vaqtda mamlakatlar o‘rtasida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda samarali hamkorlik olib borilmoqda.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalari ushbu yo‘nalishda faol ishlashni davom ettiradi, shuningdek, chet eldagi O‘zbekiston fuqarolariga yordam berish va ularning manfaatlarini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.



Marta o`qilgan: 1395