O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
7 - may 2020

Buyuk Britaniya TIV rahbari o‘rinbosari bilan suhbat to‘g‘risida

2020-yil 7-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari va Xalqaro taraqqiyot vaziri Vendi Morton bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining bugungi holati va rivojlantirish istiqbollari, O‘zbekistonda qo‘shma loyihalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ikki mamlakat tibbiyot xodimlari o‘rtasida koronavirus infektsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tajriba almashish uchun muntazam aloqalar o‘rnatilishini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Muzokaralarda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqot va har tomonlama hamkorlik faollashgani, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlangani, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etildi.

Epidemiologik vaziyat yaxshilanganidan so‘ng oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlarni tashkil etishdan tomonlar manfaatdorligi tasdiqlandi, bu esa O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligining har tomonlama rivojlanishiga kuchli turtki berishi qayd etildi.

Vendi Morton Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligining (DFID) O‘zbekistondagi faoliyatini bevosita amalga oshirish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va respublikaning iqtisodiy o‘sishini ta’minlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish rejasi to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Vazir DFIDning Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalarini amalga oshirishdagi ishtirokini yuqori baholadi. Shu o‘rinda DFIDning mintaqaviy kooperatsiya loyihalarida, xususan, transport, savdo va raqamli texnologiyalar sohasida, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari xususiy va davlat sektorlari uchun kadrlar tayyorlash sohasidagi ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Videokonferensaloqa davomida Savdo va investitsiya bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya kengashining navbatdagi majlisini o‘tkazish, uni Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy va ilmiy-texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya darajasiga ko‘tarish takliflarini ko‘rib chiqdilar.

Muzokaralarda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.



Marta o`qilgan: 761