×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:21:14 (GMT +5), chorshanba, 27 Маy 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


9 - aprel 2020

Sohibqiron davri renessansiga qanday omillar sabab bo‘lgan?

Amir Temur va temuriylar davri davlatchiligi o‘zining salohiyati, mazmuni, tarbiyaviy kuchi va ta’siri bilan xalqimiz tarixida alohida o’rin tutadi. Zero, ulug‘ bobokalonimiz o’z davrida nafaqat qudratli davlat, balki ma’rifatli jamiyat ham barpo etgan.

Xo’sh, ushbu davlatning asoslari, taraqqiyot omillari qanday edi?

Manbalarda qayd etilganidek, har qanday taraqqiyotning asosi sifatli ta’lim tizimi ekanligini chuqur anglagan Sohibqiron birinchi galda maorifni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ilmli, ma’rifatli shaxslarning jamiyatdagi mavqeini ko‘tarish yo‘lidan borgan. Ulkan saltanatning barcha shahar va yirik qishloqlarida ko‘plab boshlang‘ich maktablar barpo etilgan.

Sohibqironning saltanat ma’murlari oldiga “Katta-kichik har bir shahar, har bir qishloqda masjid, madrasa va honaqohlar bino qilsinlar”, “Mudarrislar va shayxlarga kundalik maoshlari belgilasinlar”, “Sayyidlar, ulamo, mashoyix, fuzalo, ulug‘larni aziz tutsinlar”, degan vazifani qo‘ygani “Temur tuzuklari”da ham aks etgan. Ulug‘ amirning bu topshirig‘i, tabiiyki, butun saltanat doirasida ijro qilingan.

Amir Temur va temuriylar davrida madrasalar ilmiy markaz, ma’rifat o‘chog‘i vazifasini bajardi. Shaharlardagi har bir madrasaga yer-mulklar ajratilib, ulardan keladigan daromadlar mudarrislar hamda xizmatchilar maoshi, kutubxona ta’minoti, ta’mirlash va boshqa ishlar uchun sarflandi.

Sohibqiron buyrug‘iga ko‘ra, madrasalarda diniy ilmlar (tafsir, hadisshunoslik, fiqh va boshqalar) bilan bir qatorda, dunyoviy ilmlar o‘qitilishi izchil yo‘lga qo‘yildi. Mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari aniq fanlar, xususan, riyoziyot (matematika), handasa (geometriya), me’morchilik, muhandislik bo‘yicha oliy darajali mutaxassislarga katta ehtiyojni yuzaga keltirdi. Ta’lim jarayoniga islom dunyosining taniqli olimu ulamolari jalb qilindi.

Xususan, jurjonlik mashxur faylasuf olim Mir Sayyid Sharif Jurjoniy 1387-yili Samarqandga taklif qilinadi va u Sohibqiron tomonidan barpo etilgan “Dorushshifo” (shifoxona va madrasa)da, ya’ni tibbiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadigan madrasada dars beradi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida qayd etilishicha, Amir Temur taklifi bilan saltanat poytaxtiga Shom yurtining mashhur tabiblari — mavlono Jamoluddin va Sulaymon ham kelgan, ular faoliyati uchun barcha sharoit yaratib berilgan. Ibn Arabshoh asarida mavlono Jamoluddin Shomda tabobat raisi bo‘lganligi haqida ma’lumot keltiriladi.

Amir Temurning buyrug‘i bilan Samarqandda o‘z davrida yagona bo‘lgan kutubxona barpo etilgan bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi davrida bu kutubxona fondi yanada boyitilgan va mamlakatning haqiqiy ilm-ma’rifat markaziga aylangan.

Ilm ahlini yuksak qadrlagan Sohibqiron olimu fuzalolar bilan tez-tez kengashib turgani tarixiy manbalarda qayd etiladi. Xususan, Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Amir Temur biror masalani hal qilmoqchi bo‘lsa, avval shu sohaning bilimli mutaxassislari, olimlar bilan maslahat qilganligini ta’kidlaydi.

Sohibqiron saroyida islom dunyosining taniqli olimlari xizmat qilganlar. Ular qatorida Amir Temurning shaxsiy kotibi, saroy devoni munshiysi mavlono Shamsuddin, Sohibqironga tarix va qissalar o‘quvchi mavlono Ubayd, ulug‘ amirning tarjimoni, zamondoshlari tomonidan fozil olim, komil faqih, mashhur tadqiqotchi sifatida ta’riflangan mavlono Abdujabbor Xorazmiy, mashhur munajjim, tabib va miskar mavlono Badriddin Ahmad, mashxur xattotlardan Sayyid Bandgir, Tojiddin as Salmoniy, qiroatli hofizlardan Abdulatif ad-Dimg‘oniy, Mahmud al-Muhriq al-Xorazmiy, va’zxonlardan mavlono Ahmad at-Termiziy va boshqa ko‘plab olimlar bo‘lgan. San’at ahli, hunarmand-ustalar ham Amir Temur saroyidagi kengashlarda tez-tez qatnashib turgan. Sohibqironning buyrug‘i bilan ularga tegishli nafaqa tayinlanib, ijodiy faoliyati davlat xazinasidan moliyalashtirilgan.

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida keltirilishicha, Amir Temur tarixchi olimlarni juda e’zozlagan. Saroyda bitikchilar, tarixchilar faoliyat yuritgan. Bu Amir Temur va temuriylar davrida tarixnavislik fanining yuksak darajada rivojlanishiga olib keldi. Bu davrda Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma”, Ibn Arabshohning “Ajoyib ul-maqdur fi axbori Taymur”, Hofiz Abruning “Majmua at-tavo-rixi sultoniya”, “Zubdat ut tavorixi Boysunquriy”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fasih Havofiyning “Majmali Fasihiy”, Abdurazzoq Samarqandiyning “Matlai sa’dayn va majmai bahrayn”, Mirzo Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus”, Mirxondning “Ravzat us-safo”, Xondamirning “Habib us-siyar” va “Makorim ul-ahloq” kabi mashhur asarlari yaratildi.

Amir Temur ijod ahli va mushoirani xush ko‘rgan. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida “Temur Ko‘ragon... agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xub mahal va mavqeda o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qug‘oni ming yaxshi bayt aytkonicha bor”, deya qayd etgan edi. Temuriylar davrida turkiy tilli adabiyot yangi asosda rivojlanish yo‘liga kirdi. XIV-XV asrlarda ijod qilgan Sakkokiy, Haydar Xorazmiy, Atoyi, Gadoiy, Lutfiy, Alisher Navoiy va boshqalar o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyoti tarixidan munosib joy oldi.

Amir Temur saltanat ishlaridan bo‘sh paytida shaxmat o‘yiniga ham juda qiziqqani ma’lum. Ibn Arabshoh o‘zining “Ajoyib al-maqdur fi axbori Taymur” asarida o‘sha davrning birinchi shaxmatchisi deya ulug‘langan faqih va hadisshunos olim Alouddin at-Tabriziy Sohibqiron bilan shaxmat o‘ynaganligini yozib qoldirgan.

Amir Temur hukmronligi davrida barpo etilgan mahobatli me’moriy inshootlar mamlakat qudratini, bunyodkorlikka asoslangan buyuk yuksalishni yaqqol namoyon qiladi. Sohibqironning bevosita tashabbusi bilan mo‘g‘ullar istilosi davrida vayron etilgan Samarqand, Buxoro, Termiz, Marv, Binokat kabi shaharlar qayta tiklandi, ko‘plab yangi shahar va qishloqlar barpo etildi. Shahrisabzdagi Oqsaroy me’moriy majmuasi, Samarqanddagi Bibixonim masjidi, Amir Temur maqbarasi, Shohizinda me’moriy majmuasi, Turkistondagi Ahmad Yassaviy maqbarasi va boshqa inshootlar Amir Temur davrida bunyod etilgan mahobatli inshootlar bo‘lib, ular bugungi kunda o‘lkamizda turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Shu tariqa, Amir Temur hukmronligi davrida yurtimiz tuprog‘ida ikkinchi Renessans — uyg‘onish davri yuzaga keldi. Samarqand, Kesh, Buxoro, Xirot va boshqa shaharlar ma’rifat, ilm-fan, madaniyat markazlariga aylandi. Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab xalqaro savdo va madaniy aloqalar, qo‘shni va uzoq mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari o‘rnatildi. Bu o‘zgarishlar zamirida Amir Temur asos solgan va ko‘plab temuriy hukmdorlar davom ettirgan ilm-fanga, madaniyat va san’atga, maorifga e’tibor, ularga homiylik qilishga yo‘naltirilgan davlat siyosati muhim ahamiyatga ega edi.

O‘ktam MAVLONOV, 
tarix fanlari doktori, professor.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 666