O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
14 - fevral 2020

Afg‘onistondagi uchrashuvlar

2020-yil 10-12-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hayraton, Mozori-Sharif va Kobul shaharlarida Afg‘oniston Transport vaziri Yamo Shams, Balx viloyati va Xayraton shahri, Savdo-sanoat palatasi rahbariyati, shuningdek, Balx viloyati ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, yuklarni tashish, jumladan tranzit o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish choralarini izlash masalalari, shuningdek, o‘zaro savdo hajmini oshirish kun tartibidagi asosiy bandlar bo‘ldi.

Xususan, Afg‘oniston Islom Respublikasi Transport vaziri Yamo Shams alohida qayd etishicha, Prezident Ashraf G‘ani O‘zbekistonni Afg‘onistonga iqtisodiy yordam ko‘rsatishda boshqa davlatlar uchun namuna deb biladi.

Afg‘oniston va ushbu mamlakat hududi orqali yuk va tranzit qatnovini sezilarli darajada kengaytirish, mavjud temir yo‘l tariflarini pasaytirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi, bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni, shu jumladan transport va kommunikatsiya hamda eksport-import operatsiyalari sohalarida aloqalarni chuqurlashtirishga ko‘maklashadi.

Shuningdek, Afg‘onistonga O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan turli xil mahsulotlar eksportini oshirish, O‘zbekistondan Afg‘onistonga yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

O‘z navbatida, afg‘on ishbilarmonlari samarali va unumli ishlashlari uchun yaratilgan sharoitlar uchun O‘zbekiston Hukumatiga samimiy minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.



Marta o`qilgan: 2158