O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
5 - dekabr 2019

O‘zbekiston Elchisi Qirolicha Yelizaveta II ga ishonch yorliqlarini topshirdi

2019-yilning 4-dekabr kuni London shahrida O‘zbekiston Respublikasining Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Said Rustamov Qirolicha Yelizaveta II ga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Bukingem saroyidagi rasmiy marosimdan keyin bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida 15-asr boshlarida Angliya qiroli Genrix IVning Amir Temur bilan diplomatik yozishmalari davriga ta’luqli ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi tarixiy aloqalar, shuningdek, so‘nggi vaqtda ikki tomonlama aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy dinamika qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli va keng qamrovli islohotlar mavzusi alohida muhokama qilindi. mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonlarida Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi, ayniqsa ta’lim, parlamentarizm, qonun ustuvorligi va bank-moliya sohalaridagi yutiqlaridan foydalanish bo‘yicha O‘zbekiston sa’y-harakati ta’kidlandi. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida yaqinda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim qayd etildi, bu esa Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tuzilgan ilk ikki tomonlama hujjati bo‘ldi.

Buyuk Britaniya Qirolichasi O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosi, avvalo Samarqandning qadimiy arxitekturasi haqida xabardorligini namoyish etdi.

Buyuk Britaniya rahbari ta’lim sohasini ustuvor rivojlantirish, jumladan, boshlang‘ich sinflardan ingliz tilini o‘rgatishni joriy etish borasidagi O‘zbekiston Hukumatining sa’y-harakatlarini yuqori baholadi va o‘zaro manfaatli barcha sohalarda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini qo‘llab-quvvatladi.



Marta o`qilgan: 1132