×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
19:07:26 (GMT +5), seshanba, 12 - noyabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Standart versiyasi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


16 - sentabr 2019

Qoʻqon va Margʻilon yanada obod boʻladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilning 14-sentyabr kuni Fargʻona viloyatidagi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasiga tashrif buyurdi.

Bu yerda, dastlab, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini kompleks rivojlantirishga xorijiy investitsiyalar jalb etish boʻyicha yangi loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. Jumladan, kelgusi uch yilda bu ikki shaharga xalqaro moliya institutlarining 1 milliard 354 million dollarlik imtiyozli kreditlari yoʻnaltirilishi rejalashtirilgan. Bu mablagʻ uchta yoʻnalishda – sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish, infratuzilma obyektlarini modernizatsiya qilish hamda koʻp qavatli uy-joylar qurish sohalarida oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan.

Qoʻqon shahrida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 510 million dollar miqdorida mablagʻlar jalb etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish uchun 63 million, xizmat koʻrsatish va servis sohasidagi loyihalarga 31 million dollar mablagʻ yoʻnaltiriladi. Shaharda tadbirkorlarga moliyaviy koʻmaklashish dasturi doirasida xalqaro moliya muassasalarining 500 million dollarlik investitsiyalari oʻzlashtiriladi.

Shaharda infratuzilma obyektlarini rivojlantirishga 124 million dollar mablagʻ yoʻnaltirilishi moʻljallanmoqda. Ushbu mablagʻlar hisobidan ichimlik va oqova suv tarmoqlari, issiqlik tizimi, avtomobil yoʻllarini modernizatsiya qilish, shuningdek, elektr va gaz tarmoqlarini yangilash boʻyicha jami 90 ta loyiha amalga oshiriladi.

Uy-joy fondini rivojlantirish uchun 220 million dollar miqdorida investitsiyalar jalb etilib, 9 qavatli 17 ta, 12 qavatli 36 ta, 16 qavatli 65 ta uy-joy barpo etiladi.

Margʻilon shahrida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sektorini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash uchun 300 million dollar mablagʻ yoʻnaltiriladi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalariga beriladigan mablagʻlar shaharda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yaxshilash imkonini yaratadi.

Margʻilonda infratuzilmani rivojlantirish uchun 87,6 million dollar, uy-joylar qurilishiga 110 million dollar mablagʻ sarflanadi. Yaqin yillarda ushbu shaharda 9 qavatli 12 ta, 12 qavatli 54 ta, 16 qavatli 16 ta turar-joy barpo etilib, aholining ehtiyoji toʻliq taʼminlanadi. Shu tariqa ikkala shaharda oʻziga xos yangi shaharchalar qad rostlaydi.

Davlatimiz rahbari uy-joylar qurilishiga oid loyihalar bilan tanishar ekan, ularni qayta koʻrib chiqish, Qoʻqon va Margʻilon shaharlarini rivojlantirish boʻyicha besh yillik reja qilish zarurligini taʼkidladi.

– Avvalo, qayerda qiyinchilik borligini, odamlarning fikrini oʻrganish kerak, – dedi Prezident. – Aholi qachon qaysi hududda qurilish boʻlishini bilsin. Uy-joy bilan ish oʻrinlari mutanosib boʻlishi zarur. Fargʻonaliklarning hunarmandchilik anʼanalari, hudud imkoniyatlarini inobatga olib, charm-poyabzal, chinni, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish va boshqa turdagi korxonalar tashkil etish zarur.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasidagi “Shaffof omadli sanoat” qoʻshma korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

“Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi viloyatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, xomashyo va resurslarni chuqur qayta ishlash asosida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay maydonga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga asosan tashkil etilgan sanoat zonasi qariyb 710 gektar maydonda joylashgan. Bu yerda mashinasozlik, toʻqimachilik, elektr texnikasi, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, charm-poyabzal va boshqa tarmoqlarda umumiy qiymati 180 million dollarlik 94 ta investitsiyaviy loyiha amalga oshirilmoqda.

Bugungi kunda 52 million dollarlik 29 ta loyiha ishga tushirilgan, 1 ming 700 ga yaqin ish oʻrni tashkil etilgan. Joriy yilning sakkiz oyida erkin iqtisodiy zona rezidentlari tomonidan jami qiymati 407 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 3,3 million dollarlik tovar eksport qilingan.

Hozirgi kunda hududda qiymati 135,1 million dollarlik 65 ta loyiha boʻyicha ishlar davom etmoqda. Mazkur loyihalarga 55 million dollar miqdoridagi investitsiyalar oʻzlashtirildi. Ular ishga tushirilgach, qoʻshimcha 3,1 trillion soʻmlik yangi turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish oʻzlashtiriladi, 120 million dollarlik tovar eksport qilinib, 4,5 mingga yaqin ish oʻrni tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasining salohiyati, bu yerdagi korxonalar imkoniyati bilan tanishar ekan, ushbu hududni yanada rivojlantirish uchun Turkiyaning “Gebze” sanoat zonasi tajribasini oʻrganish, unga tadbirkorlarni tanlab joylashtirish zarurligini taʼkidladi.

– Bu yerda bojxona boʻlimini tashkil etish kerak, ular qanday mahsulot import qilinayotgan boʻlsa sanoat zonasida shu turdagi tovarlarni ishlab chiqarish boʻyicha tavsiya berishi lozim. Mamlakatimizdagi barcha erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini shu nuqtayi nazardan qayta koʻrib chiqish zarur. Chunki erkin iqtisodiy zonalarda energiyatejamkor, import oʻrnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmas ekan, iqtisodiyotimizning raqobatbardoshligini oshirolmaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Shaffof omadli sanoat” qoʻshma korxonasi davlatimiz rahbarining joriy yil may oyidagi tashrifi yakunida ishlab chiqilgan Fargʻona viloyatini 2019-2020yillarda rivojlantirish boʻyicha hududiy investitsiya dasturi doirasida tashkil etilgan.

Bu yerda yiliga 230 ming dona metan va 250 ming dona propan uskunalari, 300 ming dona butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. 400 ishchi mehnat qiladigan korxona mahsulotlari Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya kabi davlatlarga eksport qilinadi.

Korxonada kelasi yildan yuk tashuvchi karalar, 2021-yildan Oʻzbekistonda birinchi marta elektromobillar ishlab chiqarish moʻljallanmoqda. Xitoyning “Silk road company” kompaniyasi bilan hamkorlikda barpo etiladigan mazkur yangi quvvat uchun hozirda 3 gektar maydon ajratilgan. Loyihaning umumiy qiymati 30 million AQSH dollari boʻlib, uning 24 million dollari xorijiy investitsiyadir.

Hisob-kitoblarga koʻra, yurtimizda ishlab chiqariladigan ekologik toza elektromobillar narxi 3 ming dollar atrofida boʻladi. Ular neft mahsulotlari cheklangan sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Elektromobillar bir marta quvvatlantirilgandan soʻng 150 kilometr masofani bosib oʻta oladi.

Mazkur loyiha ishga tushsa, yiliga 2 ming dona elektromobil ishlab chiqariladi. Bu ichki bozorni transportning ushbu yangi turi bilan taʼminlash barobarida eksport qilish imkonini beradi.

Davlatimiz rahbari shu yerda “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni koʻzdan kechirdi, fargʻonalik tadbirkorlar bilan suhbatlashdi.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, soha subyektlarini har taraflama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratilmoqda. Prezidentimizning sohaga doir qator farmon va qarorlari qabul qilindi, keyingi uch oy ichida Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari, Kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, tadbirkorlarga gʻov boʻlayotgan koʻplab byurokratik toʻsiqlar bartaraf etilmoqda.

Davlatimiz rahbari hududlarga tashrifi chogʻida tadbirkorlar bilan muntazam uchrashib, ularning muammolarini tinglamoqda, faoliyatiga toʻsiq boʻlayotgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur choralar koʻrmoqda.

Bu galgi uchrashuvda ham Prezidentimiz tadbirkorlardan oʻzlarini qiynayotgan muammolarni roʻy-rost, ochiq-oydin bayon etishlarini soʻradi. Jamiyatimizda biznes muhitini yaratish, tadbirkorlarning “qoʻlini yechish”, ularni tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

– Men kimni uddaburon tadbirkor deb bilaman? Hisobida kamida 20 million dollar puli boʻlgan ishbilarmonni. Bir paytlar 2-3 million dollar mablagʻi boʻlgan tadbirkorni topish amrimahol edi, hozir 20-30 million dollar puli boʻlgan, yirik-yirik korxonalar qurayotgan, iqtisodiyotimizni koʻtarayotgan yurtdoshlarimiz koʻpaydi. Biz sohani rivojlantirish boʻyicha dastlabki qadamlarni qoʻydik. Endi jamiyatimizda biznes muhiti yarata olsak, odamlarni tadbirkorlikka oʻrgata olsak, koʻzlagan natijalarimizga erishamiz. Sizlar yurtimizga kelajakda ham nafingiz tegishi uchun farzandlaringizga bilimingizni mulk qilib qoldirishingiz lozim. Shunda jamiyat oʻzgaradi, tadbirkorlik qonida bor avlod kirib keladi, ular davlatimizni ham, xalqimizni ham boy qiladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda fargʻonalik tadbirkorlar davlatimiz rahbari bilan samimiy muloqotdan ruhlanganini, erkin ishlashi va mulkdor boʻlishi uchun yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib, yanada samarali loyihalarni amalga oshirishga bel bogʻlashlarini bildirdi.

Davlatimiz rahbari Qoʻqon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida Fargʻona viloyati faollari, nuroniylar, ziyolilar bilan muloqot qildi. Unda madaniyat, maʼrifat sohalaridagi oʻzgarishlar, yoshlar taʼlim-tarbiyasi haqida soʻz bordi.

Prezidentimiz 2017-yil 22-iyun kuni Fargʻona viloyatiga tashrifi chogʻida Qoʻqon shahridagi Buyuk allomalar muzeyida ham boʻlgan va uni taʼmirlashga doir koʻrsatmalar bergan edi. Shundan soʻng muzeyda keng koʻlamli taʼmirlash ishlari olib borildi. Muzey zamon talablariga javob beradigan holga keltirildi. Zallar kengaytirilib, zarur texnik vositalar bilan jihozlandi. Bino atrofi obodonlashtirilib, tom qismi yangidan yopildi.

Muzey ekspozitsiyasi 5 boʻlimdan iborat. Birinchi boʻlim Ilk oʻrta asrlarda Markaziy Osiyoda ilm-fan va madaniyat, deb nomlanadi.Unda Muso Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Qoshgʻariy, Ahmad Yassaviy, Mahmud Zamaxshariy, Burhonuddin Margʻinoniy kabi buyuk allomalar hayoti, ilmiy-ijodiy faoliyatiga oid maʼlumotlar, ular yaratgan noyob qoʻlyozmalar nusxalari oʻrin olgan.

Muzeyning ikkinchi boʻlimida Temuriylar davrida yaratilgan ilm-fan va madaniyatga doir osori-atiqalar, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Saʼdiddin Taftazoniy, Gʻiyosiddin Jamshid, Ali Qushchi, Mirxond kabi allomalarga oid tarixiy asarlar namoyishga qoʻyilgan. Shuningdek, muzey ekspozitsiyalaridan XVIII-XIX asrlarda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan Mashrab, Huvaydo, Sadoyi, Nizomiy Hoʻqandiy, Azimiy, Uvaysiy, Amiriy, Nodira, Hakimxon Toʻra, Gulxaniy, Fazliy, Muhyi, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Mahmud Hakim Yayfoniy, Haziniy kabi ulugʻ siymolar hayoti va ijodi haqida maʼlumot olish mumkin.

Yana bir boʻlimda esa Turkistonda jadidchilik harakati va uning mashhur namoyandalari Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Ashurali Zohiriy, Ibrohim Davron, Isʼhoqxon Ibrat hayoti va faoliyati keng yoritilgan. Qoʻqon xattotlik sanʼati, milliy hunarmandchilik hamda ziyoratgohlarga doir maʼlumotlar va eksponatlar ham qoʻyilgan.

Muzeyning beshinchi boʻlimida XX asrda Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan ulugʻ olimlar, akademiklar – Qori Niyoziy, Tesha Zohidov, Rahima Aminova, Poʻlat Qayumiy, Boqiy, Aziz va Laziz Qayumovlar va boshqalarning hayoti va ilmiy ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi materiallar va eksponatlar oʻrin olgan.

Muzey qoshida “Allomalar vorislari” nomli oʻquv-axborot markazi tashkil etilgan. Ushbu markaz ilmga va ijodiy faoliyatga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtamoqda.

Muloqotda mamlakatimizda milliy qadriyatlarni eʼzozlash va targʻib etish, buyuk allomalar merosini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilayotgani qayd etildi. Baxshichilik va maqom sanʼati boʻyicha xalqaro festivallar oʻtkazilgani bu borada ulkan ahamiyatga ega boʻldi. Imom Buxoriy, Imom Termiziy markazlari, Mirzo Ulugʻbek va Muhammad Xorazmiy nomidagi iqtidorli bolalar maktablari, adiblar nomlari bilan atalgan ijod maktablari tashkil etildi. Prezident maktablari, yangi oliy oʻquv yurtlari yosh avlod uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi.

– Vaqt shiddat bilan oʻtyapti. Har bir soha boʻyicha izlanishda, tinimsiz harakatdamiz. Oʻzgarishlar bor, lekin hali bizni qanoatlantirmaydi, – dedi Prezident.

Faollar butun Fargʻona viloyatida boʻlgani kabi Qoʻqon shahrida ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgani, Xalqaro hunarmandchilik festivali tufayli shahar yanada obod boʻlib, bu yerga butun dunyodan mehmonlar kelganini mamnuniyat bilan qayd etishdi.

Davlatimiz rahbari Qoʻqon shahridagi Buyuk allomalar muzeyi yonida bayramona kayfiyatda ketayotgan yurtdoshlarimiz bilan uchrashdi. Samimiy suhbatda qoʻqonliklar Prezident Shavkat Mirziyoyevga shaharda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va roʻy berayotgan yangilanishlar uchun minnatdorlik bildirdi.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 328