O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
8 - avgust 2019

Namangan shahrida TIVning yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

2019-yilning 8-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov Namangan viloyati hokimiyatida mazkur hududda xorijiy sheriklar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi jarayoniga bag‘ishlangan sayyor yig‘ilish o‘tkazdi.

Tadbirda Namangan viloyati hokimiyati rahbariyati, aloqador vazirlik va idoralarning mintaqadagi boshqarmalari mas’ul xodimlari hamda viloyatga biriktirilgan O‘zbekistonning Avstriya, Belgiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Eron, Fransiya, Hindiston, Italiya, Kuvayt, Koreya Respublikasi, Misr, Ozarbayjon, Pokiston, Rossiya, Singapur, Turkiya va O‘mondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda diplomatik vakolatxonalar ko‘magida ishlab chiqilgan va Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga safari chog‘ida (2019-yil 28-fevral – 1-mart) taqdim qilingan investitsiya loyihalarining hamda “Doing Business with Namangan” Xalqaro investitsiya forumi (2019-yil 7-8-iyul) yakunlariga ko‘ra erishilgan kelishuvlarning bajarilishi monitoring qilindi, mintaqa sanoatining turli sohalariga investitsiya jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlari har tomonlama o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalarining faoliyati yakunlari tanqidiy ko‘rib chiqildi, rahbarlarining investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ularga yuklangan topshiriqlarni bajarish to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi, mavjud muammoli masalalar va ularni hal qilish yo‘llari batafsil tahlil qilindi.

Elchilar joriy yilning 5-8-avgust kunlari Namanganda bo‘lib turgan vaqtlarida bajarilgan ishlar va ishlab chiqilgan yangi loyihalar to‘g‘risida ham hisobat berdilar.

Yig‘ilish yakunida xorijdagi diplomatik muassasalarimizning avval ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish, mamlakat rahbariyatining topshiriqlarini o‘z vaqtida bajarishga hamda yangi chet el investorlarini jalb qilishga yo‘naltirilgan ishlarini faollashtirish buyurildi.



Marta o`qilgan: 378