O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
2 - iyun 2019

Namangan shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro investitsiya forumi to‘g‘risida

2019-yil 7-8-iyun kunlari Namangan shahrida “Invest in Namangan” xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir Namangan viloyati hokimligi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi va boshqa tegishli idoralar bilan birgalikda tashkil etilmoqda.

Xalqaro forum ishida dunyoning 35 mamlakatidan yirik xorijiy ishbilarmon doiralari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar, turistik firmalarning 250 ga yaqin vakillari, shuningdek, O‘zbekistonda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus ishtirok etishi kutilmoqda.

Biznes forumi doirasida “B2B” shaklida uchrashuvlar tashkil etiladi.

Mazkur forum Namangan viloyati uchun yirik xalqaro tadbir bo‘lib, mintaqaning investitsion, eksport va turizm salohiyatini ilgari surish uchun yangi platforma sifatida xizmat qiladi.

Namangan viloyati O‘zbekistonning aholisi zich hududlaridan biri bo‘lib, to‘qimachilik sanoati va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasida ulkan salohiyatga ega.

Tadbir yakuniga ko‘ra investitsion bitimlar va mustahkam shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.



Marta o`qilgan: 2220