O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
25 - may 2019

TIV Konsullik-huquqiy departamenti axboroti

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra 2019-yilning 25-may kuni Mordoviya Respublikasi (Rossiya) hududidan o‘tadigan M5 “Ural” trassasida 4 nafar O‘zbekiston fuqarosi ketayotgan O‘zbekiston davlat raqami 50 Н982 НА bo‘lgan “Chevrolet Spark” avtomobili yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalish qismiga o‘tib ketib qarshisidan kelayotgan yuk mashinasiga urilib ketdi.

Natijada haydovchi Dadaxonov Nosirjon Toshmurodovich, 12.11.1961-y.da tug‘ilgan, va yo‘lovchi Jamoliddinov Dilshodbek Tursunbek o‘g‘li, 05.05.1991-y.da tug‘ilgan, olingan jarohatdan voqea joyida vafot etdi. Fuqarolar Qodirov Abdug‘affor Abdujabborovich, 13.01.1969-y.da tug‘ilgan, va Xoliqov Abdiqodir Abdumalikovich, 02.07.1969-y.da tug‘ilgan, Zubova Polyana tuman shifoxonasiga jarohat bilan yotqizilgan. Ularning holati, tibbiyot xodimlari bergan ma’lumotga ko‘ra, og‘ir barqaror.

Bosh konsulxona tomonidan mahalliy hukumat organlari bilan aloqa o‘rnatilgan va vaziyat nazoratga olingan.

Konsullik-huquqiy departamenti vafot etganlarning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi va eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Volga bo‘yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o‘lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududidagi hamyurtlarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-967-772-66-00.



Marta o`qilgan: 1142