×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
02:10:20 (GMT +5), payshanba, 22 - avgust 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


1 - mart 2019

Insonga ta’zim qil, Mo‘ynoq!

Gavjum sohil. Sevikli yorini kutgani yoki kuzatgani chiqqan kelinchaklar nigohi oq yelkanli kemalarga qadalgan. Qo‘llarini havoda tinimsiz silkitayotgan juvonlarning hayqirig‘u chaqiriqlari dengizning behalovat to‘lqinlari sasi bilan uyg‘unlashib ketmoqda.

Bunday manzaralarni kinofilmlarda ko‘p ko‘rganmiz. Orol sohillari ilgari shunday sershovqin edi. Bir paytlar bu yerdan momolar o‘g‘illarini urushga kuzatgan, onalar kemalar ortidan minora machtasi ufqqa tutashib, ko‘rinmay ketgunicha ko‘zyosh bilan termilib qolgan... Bu sohillardan baliq oviga chiqqan er-yigitlar bilan xayr-xo‘shlashgan opa-singillarimizning oppoq ro‘mollari yaqin-yaqinlargacha oq bayroq kabi hilpirab turardi.

Orolqumdan ko‘tarilayotgan ofat

"Maqsadimiz — kommunizm kurish, keyin, albatta, baxtli bo‘lamiz" degan mazmundagi insholar yozganimiz esimda. Aslida esa, "kommunizmda tuz, kerosin, gugurt, kirsovun tekin bo‘larmish" deyishdan boshqasini bilmasdik. Orolbo‘yida ham baliqchidan tortib chorvadoru dehqongacha shu tushuncha bilan ulg‘aydi, yashadi.

Biroq daryolar tortilib, dengiz chekinayotgani o‘tgan asrning 70-yillarida ma’lum bo‘la boshladi. O‘shanda ham bundan faqat tor doiradagi mutasaddiyu mutaxassislar xabardor edi. Saksoninchi yillarga kelib esa buni ommadan sir tutishning imkoni qolmadi. Sababi dengiz sohilidan juda jadallik bilan 15 — 20 kilometrgacha ortga chekingandi. Uning o‘rnida paydo bo‘lgan sahroni esa 1987-yildan "Orolqum" deya atay boshladik.

Bugunchi? Ulkan dengiz avvalgi qirg‘og‘idan 100 kilometr narida! Tubida hosil bo‘lgan Orolqum maydoni esa 5,5 million gektardan iborat! Masalan, 1964-yili Oroldagi suv hajmi 1083 km. kubdan oshgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, obihayot miqdori 15 barobar, dengiz sathi esa 29 metrga qisqargan. Ayni damda mazkur dengizning bir litr suvi tarkibida 150 — 300 grammgacha tuz mavjud. Taqqoslash uchun misol: okeandagi sho‘r suvda bu ko‘rsatkich 18 — 24 grammni tashkil etadi, xolos.

Shu tufayli ham bu yerda ilgari mavjud bo‘lgan 38 turdagi baliqlar qirilib ketdi.

Endi fojianing ko‘lami va oqibatlarini teranroq anglab yetish uchun quyidagi ma’lumotlarga murojaat qilishning o‘zi kifoya.

Har yili bu yerdan shamol yuz million tonnagacha qum va tuzni ko‘tarib, yuzlab kilometrga uchiradi. Bu — tabiiy chang emas, balki o‘tgan asr asoratlari, O‘rta Osiyodagi paxta yakkahokimligiga asoslangan dehqonchilikning tabiatni, yerni zo‘rlash siyosati oqibatida daryolar, zaxkashlar bilan oqib kelgan gerbitsid, pestitsid singari zahar-zaqqum moddalar bilan qorishgan to‘zon. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston mintaqasining har gektariga qariyb 5 tonnagacha shunday qum va tuz yog‘ilarkan. Xo‘sh, endi Orolbo‘yi ahli "zontik" tutib dehqonchilik qiladimi? Olinayotgan nafaschi? U qanchadan-qancha insonlarni og‘ir xastaliklarga giriftor qilayotganidan ko‘z yumib bo‘larkanmi?!

O‘tgan yilning 27-may sanasini yodga olaylik. O‘sha kungi chang-to‘zon insonning tabiat oldida ojizligini yana bir bor isbotladi. Orolqumdan ko‘tarilgan tuzli bo‘ron nafaqat Qoraqalpog‘iston mintaqasi va Xorazm vohasi, balki Buxoro, Navoiy viloyatlaridan o‘tib, Samarqandga, hatto qo‘shni Turkmanistonning Dashovuz, Lebab, Qozog‘istonning Qizilo‘rda, Turkiston hududlarigacha borib yetdi. Bundan ko‘rinadiki, Orol fojiasi oqibatlari chegara hamda makon bilmaydi va eng yomoni, u butun O‘rta Osiyo mintaqasi taqdiriga jiddiy xavf solib turibdi. Shu sababli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ofatning haqiqiy qiyofasini butun dunyoga oshkor etdi. Ayniqsa, fojia xaritasini ko‘rsatib, jahon hamjamiyatiga "Mana, ko‘ring va xulosa qiling" degan gaplari yuraklarni larzaga soldi. 2018-yil 24-avgust kuni Turkmanboshi shahridagi "Avaza" sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari majlisida ham Yurtboshimiz ushbu global muammoga kuyinchaklik bilan yondashib, fojia oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yidagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, mintaqaning suv va ekologiya bilan bog‘liq muammolariga yechim topish bo‘yicha barcha sa’y-harakatlarni birlashtirish taklifini bildirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida trast fondini tashkil etish borasidagi tashabbusni ilgari surgani va bu BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlanganini ta’kidladi.

Amaliy sa’y-harakatlar esa o‘tgan yil nihoyasida Prezidentning Mo‘ynoqqa tashrifidan so‘ng jadal boshlanib ketdi.

Bulutlardan najot bormi?

Yangi tong otdi. Ertalab ijtimoiy tarmoqlarda "Orolning avvalgi qaddini 7 yilda tiklash mumkin", degan mazmundagi xabarni o‘qib, ko‘zlarimga ishonmadim. Qarang, shunday umidbaxsh loyiha yurtdoshimiz, Olimjon Yusupov tomonidan taklif etilib, Innovatsion rivojlanish vazirligida ko‘rib chiqilibdi.

Olimjonning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori Nurlibek Mirzamuratov bilan suhbatini ham diqqat bilan eshitdim. Unda aytilishicha, O‘zbekistonda Orol dengizini tiklash uchun sun’iy bulut hosil qilib, yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasi ishlab chiqilibdi. Ushbu tizim bulutlarni generatsiya qilish va kimyoviy moddalarsiz sun’iy yomg‘ir yog‘dirish imkonini berarkan. Mutaxassislar hisob-kitoblariga qaraganda, shu yo‘l bilan dengizni qayta tiklash uchun 5 — 7 yil kerak bo‘lar ekan.

Marra esa yuksak — o‘tgan asrning 60-yillaridagi suv miqdorini qaytarish, Orolbo‘yidagi muvozanatni tiklash. Eng muhimi, ushbu texnologiya xorijiy muqobillaridan bir necha barobar arzonga tushar ekan.

Olimjon Yusupovning qayd etishicha, texnik nuqtai nazardan barchasi tayyor. 2019-yil apreldan tajribaviy tizim ishga tushiriladi va Mo‘ynoq yaqinida joylashtiriladi. Sinov rejimi kutilgan natijani bersa, so‘ng uni boshqa hududlarda tatbiq etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Dengiz chekinsa ham, inson chekinmaydi

19-yanvar. Yarim oqshom maydalab yog‘a boshlagan qor yiriklashib, chor-atrofni poklikka burkadi. Erinmay tashqariga chiqib, qalinligini o‘lchadim: 15 — 20 santimetrga yetibdi. Demak, bu yil sahro gullaydi, chorva yili bo‘ladi...

— To‘xta, — dedim o‘zimga o‘zim, — bir tomoning oqmayotgan daryo, narigi tomoning qaqragan Orol, yana yoqqan qorga quvonishga balo bormi?! Dengizning qurigan tubiga saksovul ekamiz, Orolqumni o‘rmonzorga aylantiramiz, deya 2000 dan ziyod kishilar 500 dan ortiq texnikalari bilan harakatga kirishganda, sen qor yoqqaniga mahliyo bo‘lib o‘tiribsan! Nukusga yoqqan qor Orolqumga yog‘maydimi? Bechora yigitlarning shalabbosi chiqqandir?

Orolqum osmonida anchadan buyon qarg‘alaru chag‘alaylardan bo‘lak hech narsa uchmagandi. Yangi yil tongi otishi bilan "An-2" samolyotlari havoga ko‘tarilib, bu maydonga tepadan saksovul urug‘larini sepdi. Bir paytlar kunu tun ishlagan, biroq chorak asrdan buyon huvillab yotgan Mo‘ynoq aeroportiga samolyot qo‘ndi.

Dalillarga nazar tashlaymiz: mustaqillik yillarida Orolbo‘yidagi saksovulzorlar 400 ming gektardan ortiq maydonni egallagan. Biroq barcha ko‘chatlar ham tutib ketgani yo‘q. Endilikda esa Prezidentimiz topshirig‘i bilan 500 ming gektar yerga ko‘chat ekilyapti. O‘nlab haydov va chopiq traktorlari yordamida tortilayotgan ariqlarga 50 santimetr chuqurlikda saksovul qadalmoqda. Bundan kutilayotgan natijalarni tasavvur qilishning o‘zi maroqli. Axir bir-ikki yildan so‘ng Orolqum o‘rnida millionlab tup daraxtlar bo‘y cho‘zsa, qum bo‘ronlarini to‘sib qolishga qodir "yashil qalqon"lar paydo bo‘lsa, qanchadan-qancha muammolarning oldi olinadi-da!

Eng muhimi, Prezidentimiz tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlab, xayrli ishga bosh qo‘shayotganlar ham ko‘p. Qarang, beruniylik saxovatpesha fermer Orolga yordam tariqasida saksovul ekayotgan yigitlarga 3 tonna go‘sht yetkazib beribdi. Qo‘ng‘irot, Chimboy, Xo‘jayli hokimliklari ham moddiy yordam qo‘lini cho‘zibdi. "Mo‘ynoq — 2019" xayriya jamg‘armasi tashkil etilganini ham millionlab yurtdoshlarimiz zo‘r mamnuniyat bilan qarshi oldi. Jamg‘arma hisob raqamiga mamlakatimiz aholisi tomonidan milliardlab pul mablag‘lari tushirilgani buning yaqqol tasdig‘idir. Shu ma’noda, Orolqumni haqiqiy cho‘l o‘rmoniga aylantirish tadbiri butun O‘zbekistonni harakatga keltirgan ulug‘ ish bo‘ldi, desak, yanglishmaymiz.

Bugina emas. Dengizni asrash bo‘yicha tavsiya qilinayotgan yuzlab loyihalardan bir qanchasi allaqachon amaliyotga ham tatbiq etilmoqda. Havzaning chekingan maydonlariga chorvabop ekinlar urug‘ini sepish, baliqchilikni urchitish maqsadida mayda ko‘llar barpo etish, hududda urbanizatsiya siyosatini amalga oshirish kabilar shular jumlasidan.

Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi Orol bo‘yicha bildirilayotgan takliflar orasida Orazbay Sobirovning sun’iy tog‘ yaratib, shamollarni to‘sish orqali, mahalliy mikroiqlim yaratish taklifi ham qanchalik murakkab ish bo‘lmasin, o‘ylab ko‘rishga arziydi.

Shu o‘rinda o‘zim ham bir taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Taxiatosh suv omboridan shimoliy hududlarni obihayot bilan ta’minlovchi 4 ta kanal boshlanadi. Biroq havza ishga tushirilganidan buyon qariyb 45 yil o‘tgan bo‘lsada, u hali biron marta ta’mirlanmagan. Aksincha Amudaryo oqimi orqali kelgan loyqa bilan sayozlanib, hajmi kichrayib qolgan. Agar qish mavsumida bu yerga suv to‘planib, yilning qolgan 9 oyida to‘rtta kanalning tabiiy oqimi ta’minlansa, shimoliy tumanlarga ichimlik, dehqonchilik va chorva ehtiyojlari uchun yetib ortadigan suv yetkazish mumkin, deb o‘ylayman. Rekonstruksiya loyihasi, hisob-kitoblar shu sohaning mutaxassislariga havola. Ana shu bunyodkorlik yangi ish o‘rinlarini yaratib, so‘ngra havzada baliqchilikni rivojlantirish va shimoliy hududni mo‘‘tadil oqimdagi suv bilan ta’minlash imkonini berardi.

Olis tumandagi yangi tamaddun

Davlatimiz rahbari o‘tgan yilning 15-noyabrida Mo‘ynoq tumaniga tashrifi chog‘ida ayni dilimizdagi gapni aytdi: "Orol fojiasidan eng ko‘p zarar ko‘rgan asli shu — Mo‘ynoq aholisi. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak".

Tuman istiqboliga oid rejalar bilan tanishar ekanmiz, Mo‘ynoqqa dengizdan burun yangi tamaddun kirib kelishiga ishonchimiz yanada ortdi. Orolqumda "Mo‘ynoq siti" quriladi, dastlabki 38 ta ko‘p qavatli turarjoyning loyihasi ham tayyor, deyishdi. Ana, urbanizatsiya to‘g‘risidagi qaror qudrati!

Bundan tashqari, sanoat sohasida 12 ta, qishloq xo‘jaligida 5 ta, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 14 ta loyiha ro‘yobga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlarini qurish va ta’mirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan.

Binobarin, tumanda 10 ta xususiy maktabgacha ta’lim muassasasi, "Yangi Mo‘ynoq" shaharchasida dasturlashni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan innovatsion maktab, bolalar musiqa va san’at maktabi, yopiq suzish havzasi quriladi. Stadion hamda bolalar va o‘smirlar sport maktabi binosi rekonstruksiya qilinadi.

Tuman markazidan ajratilgan 10 gektar maydon o‘rnida madaniy dam olish maskani, 2 ming tomoshabinga mo‘ljallangan amfiteatr, Yoshlar markazlari binolari qad rostlaydi.

Bundan tashqari, turizm ham ravnaq topib, tuman markazida "Hunarmandlar alleyasi" hamda "Baliqchilar qishlog‘i"ni tashkil etish, tuman aeroportini rekonstruksiya qilish belgilangan. Nukus — Mo‘ynoq — Orol dengizi marshruti bo‘yicha samolyot va vertolyotlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Eski kemalar yig‘ilgan joyni Kemalar muzeyi zamonaviy majmuasiga aylantirish va mukammal ta’mirlash uchun 3 milliard 800 million so‘m yo‘naltiriladi.

Orol dengizi qirg‘og‘idagi loydan ohak, qumdan oyna, chig‘anoqlardan sovun ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejasi ham bor ekan. Daryo suvi keladigan joylarda qizilmiya, dengizning sho‘r suvidan artemiya olish, osh tuzi, tomat pastasini tayyorlash sexlari ochiladi.

Allaqachon boshlab yuborilgan amaliy sa’y-harakatlar ko‘lami ham keng. Chunonchi, Mo‘ynoqda "Mustaqillikning 27 yilligi" shaharchasi, "Mo‘ynoq akva sanoat" DUKning baliqni qayta ishlash konserva zavodi, "G’itv1 Ogoir" MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaning qamishdan DSP ishlab chiqarish zavodiga tamal toshi qo‘yilib, qurilish ishlariga kirishilgan.

Aslida, odamlar qalbiga yo‘l topish oson emas. Ko‘ngil degani ba’zan mehrla uzatilgan bir piyola choy bilan to‘lsa, gohida bir daryo suvga ham to‘lmasligi mumkin. Dengiz ko‘rgan har bir qoraqalpoqning ko‘nglida esa o‘z Oroli bor, u doimo bir paytlar to‘lib-toshgan havzasini qo‘msab turadi.

Shu ma’noda, Mo‘ynoq elida umid, kelajakka ishonch uyg‘otgan bugungi islohotlar hech kimni befarq qoldirayotgani yo‘q. Insoniyatning tabiatga ayovsiz aralashuvi oqibatida "jabrlangan" mintaqa yana inson aql-idroki, kuchi, mehnati bilan o‘z qaddini tiklay boshlayapti. Bu Orolbo‘yiga qo‘yilgan qutlug‘ qadamlar barokati emasmi?!

O‘rozboy ABDURAHMONOV,

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq yozuvchisi



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 1387