×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:06:08 (GMT +5), chorshanba, 18 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


12 - fevral 2019

Bobur: “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir...”

Yurtimiz buyuk allomalarga beshik boʻlgan tabarruk maskan. Bobokalonlarimiz yaratgan ulugʻ asarlar jahon ahlini hayratga solgan va hamon dunyo ularni sevib mutolaa qiladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda buyuk ajdodlarimizdan qolgan bebaho yodgorliklar, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan boy ilmiy- madaniy merosimiz numunalarini Vatanimizga qaytarishda bir qancha ezgu ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Bobur nomli xalqaro jamoat fondi va fond huzuridagi xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning chorak asrdan buyon amalga oshirib kelayotgan ishlari eʼtiborga molik. Xalqaro ilmiy ekspeditsiyaning ilk yurishi 1992-yilning 19-mayidan 15-iyunigacha boʻlgan. Ekspeditsiya tarkibida 14 kishi boʻlib, avtomobilda 18 ming kilometrdan ziyod yoʻl bosgan. Andijondan boshlangan safar qatnashchilari Samarqand, Buxoro shaharlaridagi Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Xoʻja Ahror, Bahouddin Naqshband hamda boshqa ulugʻ aziz-avliyolarning qadamjolarini ziyorat qilib, Turkmaniston va Eron orqali Saudiya Arabistoni hududiga oʻtishgan. Prezidentimizning tashabbusi bilan ekspeditsiyaning oʻnlab safarlari natijasi sifatida “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi tashkil qilindi. Bu yerda 500 dan ortiq noyob qoʻlyozma asar va kitoblar saqlanmoqda. Shuningdek, Boburning hayoti va ijodi bilan bogʻliq noyob asarlar ham Oʻzbekistonga olib kelindi hamda ilmiy isteʼmolga kiritilayapti.

Bobur tavalludi kuni arafasida mazkur xalqaro jamoat fondi va ilmiy ekspeditsiya rahbari Zokirjon MASHRABOVGA savollar bilan murojaat qildik.

– Zokirjon aka, oʻtgan yilda qilingan ishlar haqida muxtasar aytib oʻtsangiz.

– Oʻtgan yili Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasining navbatdagi ilmiy safari Hindistonga uyushtirildi. Safar davomida Oʻzbekiston Respublikasining Hindistondagi elchixonasi va Bobur nomli xalqaro jamoat fondining Dehli boʻlimi bilan birgalikdagi oʻzaro saʼy-harakatlar natijasida Dehli, Rampur, Lakhnav, Patna, Agra va boshqa shaharlarda joylashgan bir qancha kutubxona, muzey va arxivlarda saqlanayotgan buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan 120 dan ziyod noyob asarning nusxalarini qoʻlga kiritib, yurtimizga olib kelishga muvaffaq boʻldik.

Yil davomida jamoat fondi oʻquvchi-yoshlar, talabalar, turli tashkilotlar vakillari hamda Bobur ixlosmandlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari uyushtirib, ushbu uchrashuvlarda ishtirokchilarga temuriylar, boburiylar va Andijon shahrining tarixi bilan bogʻliq kitoblar sovgʻa qilindi.

Bobur xalqaro ilmiy ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida noyob kitob va nodir qoʻlyozma asarlari yurtimizga olib kelinib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida mujassamlashtirildi va ilmiy isteʼmolga kiritilmoqda. 30 dan ortiq ilmiy-badiiy kitob chop etildi.

Shuningdek, Haydaroboddagi Salarjang muzeyida saqlanayotgan qadimiy oʻzbek tilida yozilgan “Boburnoma” asl nusxasining ikkinchi kseronusxasini olib kelishga musharraf boʻldik. Shuningdek, “Kulliyoti Bobur” tanlangan asarlarini Erondan olib kelishga erishdik. Buyuk bobokalonimiz “Xati Boburiy” nomi bilan mashhur yozuv yaratib, Qurʼoni Karimni koʻchirtirib, Madinai Munavvaraga yuborgan. Ekspeditsiyamiz 10 yil davomida bu ulugʻ merosni izlab topdi va Eron davlati bilan kelishilgan holda ushbu asarning nusxasini ham “Bobur va jahon madaniyati” muzeyiga olib keldik.

Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi oldida yana bir muhim vazifa turibdi, yaʼni “Boburnoma”ning yoʻqolgan qismini izlab topish. “Boburnoma” 36 yil yozilgan. Shundan bizgacha asarning yarmi – 18 yili yetib kelgan, xolos. Qolgan 18 yilini izlab topishimiz kerak. Bobur 1494-yil taxtga oʻtirgan kunidan boshlab “Boburnoma”ni yoza boshlagan. U toki Boburning vafotiga qadar – 1530-yilgacha yozilgan. Bizgacha yetib kelgan “Boburnoma”da bor-yoʻgʻi 18 yil voqealari bor, xolos. Qolgan yarmi qani? Buyuk ajdodimiz Bobur hazratlari “Harb ishi”, “Musiqa sirlari”, “Qofiya ilmi” degan asarlar ham yaratgan. Ularni ham izlab topish bizning oldimizda turgan asosiy vazifa sanaladi.

– Faoliyatingiz davomida duch kelgan boshqa maʼlumotlar haqida nima deysiz?

– Afrika qitʼasidan to Hindiston yarim oroli – Birmaga qadar buyuk ajdodlarimiz xoklari yotibdi. Ularning qabrlarini izlab topib bordik va farzandlik burchimizni bajarib, Qurʼon tilovat qildik. Ularning ichida qabrlari oʻta xarob holatda yotganlari ham bor. Masalan, Forobiy hazratlari Damashqda, Ali Qushchi Istanbulda, Ahmad Fargʻoniy Misrda, Al-Xorazmiy Bogʻdodda yotibdi. Afgʻonistonda Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Mavlono Lutfiy, Kamoliddin Behzod, Beruniy hazratlari, Boborahim Mashrab kabi ulugʻ ajdodlarimiz mangu qoʻnim topgan. Hozirgi kunda Mavlono Lutfiy, Alisher Navoiy, Kamoliddin Behzodning qabrlarini tiklab, ziyoratgohga aylantirdik. Bu ishlar bardavom boʻladi.

Yuqorida nomlari zikr etilgan ulugʻ ajdodlarimizning birortasi haqida ensiklopediya yaratilmagan. Biz Bobur ensiklopediyasini yaratish uchun qattiq shugʻullandik. Ayni paytda ikkita nashrini chop etishga ulgurdik. Birinchi nashri 2014-yilda chiqdi. Ikkinchi nashrini ham kamchiliklari toʻldirilgan holda 2016-2017-yillarda chiqardik. Yana bir xayrli ishni amalga oshirdik – “Bobur va jahon madaniyati” muzeyida saqlanayotgan asarlarning bibliografiyasini tuzdik. Bunga qiziqish koʻpaygach, respublika miqyosidagi kutubxonalarda saqlanayotgan Bobur va boburiylarga oid asarlarning ham bibliografiyasini yaratdik. Rossiya Fanlar akademiyasining Turkologiya instituti qiziqish bildirgach, 5-6 ta nusxa yubordik. Ular bilan hamkorlikda 2016-2017-yillarda Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari bibliografiyasiga oid katta asarni yaratdik. Rossiya Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda yaratilgan ushbu bibliografiya dunyoga mashhur boʻlib, qoʻllanma sifatida foydalanib kelinayapti. Bobur va boburiylarga oid bir nechta asarlarni fors, ingliz tilidan oʻzbek tiliga oʻgirib, kitobxonlarga yetkazishga koʻmaklashdik. Masalan Boburning xolavachchasi Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” deya nomlangan kitobini oʻzbek tiliga oʻgirdik. “XVI asr bunyodkori”, “Gulbadan”, “Bobur – Yoʻlbars ”, “Andijon shahzodasi” kabi kitoblarni ham ingliz, nemis tillaridan oʻzbek tiliga tarjima qilib, kitobxonlarga yetkazdik.

Ha, Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi koʻhna tariximizni tiklash, zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ular qoldirgan boy ilmiy-madaniy merosni izlab topib, Vatanga olib kelish va ilmiy isteʼmolga kiritish borasida qator xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Zero, shoh va shoirning oʻzi aytganidek, “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidir...”



Muallif: O‘zA
Marta o`qilgan: 1413