O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
6 - fevral 2019

O‘zbekiston fuqarosiga medal topshirildi

2019-yilning 6-fevral kuni Chelyabinsk viloyati (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Margarita Pavlova O‘zbekiston fuqarosi Olamafruz Abdullayevga tantanali ravishda “Yaxshilik qilishga shoshiling” («Спешите делать добро») medalini topshirdi.

Marosim viloyat gubernatorining qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Faxriy yorliqda yozilganidek, vatandoshimiz “Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilagan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” medal bilan taqdirlandi.

Medal Chelyabinsk viloyatidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, har yili jamiyat uchun muhim ishlarni amalga oshirgan va og‘ir turmush sharoitlariga tushib qolganlarga ko‘maklashgan shaxslarga topshiriladi.

2018-yilning 31-dekabr kuni Magnitogorsk shahridagi turar joy binosida yuz bergan portlash natijasida jarohatlanganlarga yordam ko‘rsatishga oshiqib, qahramonlik ko‘rsatgan va yuksak mukofotga loyiq topilgan 19 nafat janubiy uralliklardan biri Olamafruz Abdullayev bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruvchilari yetib kelguniga qadar u sakkiz nafar kishining vayronalar ostidan chiqishiga yordamlashdi, – deb xabar berdi O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi (Ural federal okrugi).

Kuni kecha o‘zining mardonavor ishi uchun Olamafruz Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri nomidan qimmatbaho sovg‘a va Bosh konsulxonaning faxriy yorlig‘ini qabul qilib oldi.

7-fevral kuni u Toshkentga uchub keladi.



Marta o`qilgan: 1368