O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
30 - noyabr 2018

O‘zbekiston Elchisi Bolgariya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda va Muxtor Elchisi Alisher Agzamxo‘jayev (qarorgohi Anqara shahrida) Bolgariya Respublikasi Prezidenti Rumen Radevga ishonch yorliqlarini topshirdi.

Bolgariya Prezidenti Ma’muriyati binosidagi tantanali marosimdan keyin suhbat bo‘lib o‘tdi. Bolgariya rahbari ikki tomonlama munosabatlar holatini yuqori baholar ekan, hamkorlikni kengaytirish uchun mavjud salohiyatga e’tibor qaratdi.

Prezident ishonch bildirishicha, so‘nggi ikki yilda kuzatilayotgan Bolgariya-O‘zbekiston aloqalarining faollashuvi mamlakatlarimizning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ikkai davlat rahbarlarining o‘tgan yili Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishdan, jumladan qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va yuqori texnologiyalar sohalarida hamkorlikni rivojlantirishdan tomonlar manfaatdorligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Bolgariyaning mintaqadagi do‘sti, ishonchli va istiqbolli hamkori ekanligini Bolgariya Prezidenti qayd etdi, shuningdek, Bolgariya-O‘zbekiston munosabatlarini tomonlarni qiziqtirgan barcha yo‘nalishlarda sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarishga mamlakati tayyor ekanligini bildirdi.

Prezident Rumen Radev Prezident Shavkat Mirziyoevga samimiy qutlov va o‘zining chuqur ehtiromini izhor etdi va Bolgariya tomoni kelgusi 2019-yilda mamlakatimiz rahbarining Bolgariyaga tashrifini tashkil etishni rejalashtirayotganini tasdiqladi.



Marta o`qilgan: 3797