×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
01:26:46 (GMT +5), payshanba, 19 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


5 - fevral 2018

Alisher Navoiy: Ezgulik kuychisi

Alisher Navoiy ulug‘ so‘z san’atkorigina emas, balki o‘z davrining qomusiy allomasi ham edi. Asarlaridagi umumbashariy g‘oyalar, ilm-fan taraqqiyoti bilan bog‘liq qarashlar, odam va olam munosabatlariga oid falsafiy umumlashmalar, eng muhimi, barkamol avlod tarbiyasiga aloqador dasturiy ko‘rsatmalar bugungi kunimiz uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.

Ulug‘ siymolarning hayot yo‘li, turmush tarzi ham boshqalar uchun ibrat timsoli, beminnat maktab namunasi bo‘lib xizmat qiladi. Zero, Alisher Navoiyning “Mahbub ul- qulub” asari muqaddimasida shunday misralar bor:

Gahe toptim falakdin notavonlig‘,

Gahe ko‘rdum zamondin komronlig‘.

Base issig‘-sovuq ko‘rdum zamonda,

Base achchig‘-chuchuk tottim jahonda.

Shuningdek, muallif o‘z umr yo‘li xulosalaridan kelib chiqib, qanday toifa kishilardan uzoq bo‘lish, kimlarga ergashish lozimligi haqida bizni ogoh etar ekan, “har nav el suhbat va xususiyati alarga havas bo‘lgay, bu faqirning tajribasi alarga bas bo‘lgay”, deydi. Darhaqiqat, ulug‘ shoir va mutafakkirni o‘z davrida iztirob hamda tashvishga solgan ayrim illatlar bugungi kunda ham insoniyatni xavotirga solayotganligi bois, uning o‘gitlariga qayta-qayta murojaat qilishimizni, tegishli xulosa chiqarishimizni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Jumladan, ayrim yoshlarning umrini xazon qilayotgan, giyohvandlik illati o‘z davrida Navoiyni ham ulug‘ so‘z san’atkori, ham davlat arbobi sifatida bong urishiga sabab bo‘lgan. “Lison ut-tayr” dostonida muallif giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan bir kimsaning o‘tkinchi lazzat va xomxayollarga berilishi oqibatida hushyorlikni yo‘qotib, chayon nishidan halok bo‘lishini hikoya qiladi.

Bugungi globallashuv jarayonida insoniyatning qadim an’analarga, jumladan, oilaga oid umumbashariy qadriyatlarga raxna solinayotganini ayrim mamlakatlar misolida ko‘rib turibmiz. Jamiyatning oltin halqasi bo‘lmish oilada erkakning o‘z o‘rni, ayolning o‘z vazifalari mavjudligi isbot talab qilmaydi. Alisher Navoiy “Tarixi anbiyo va hukamo” asarida bir jinsli odamlarning oila qurishlarini nafrat bilan tilga olar ekan, bunday shaytoniy xatti-harakat butun boshli qavmni halokatga olib borganligini tarixiy misollar asosida uqtiradi.

“Saddi Iskandariy” dostonida Ya’juj-Ma’jujlar deb nomlanuvchi dahshatli maxluqlar tasviri berilgan. Bunday majoziy maxluqlar bir ko‘zli bo‘lib, tevarak atrofga nazar solishdan, mulohaza yuritishdan mahrumdirlar. Natijada ular o‘z yo‘llarida kim va nima uchrasa nobud qilib ketaveradilar. Endi ayting-chi, Vatanini oyoqosti qiluvchi, hatto o‘z ota-onasiga ham qurol ko‘taruvchilar ana shu maxluqlarni eslatmayaptimi?! Demak, mamlakatimizda olib borilayotgan jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish siyosati Alisher Navoiy merosida olg‘a surilgan olamshumul g‘oyalarning hech qachon eskirmasligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bugungi kunda dunyo murakkab ijtimoiy-siyosiy vaziyatni boshdan kechirmoqda. Jahon xaritasida olovli nuqtalar soni, afsuslar bo‘lsinki, ko‘payib bormoqda. Ayrim kimsalar hatto iqlimni o‘zgartirib yuboradigan qurollar ustida “bosh qotirayotgan”ligi haqida eshitganimizda, Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonidagi banibasharni ogohlantiruvchi quyidagi misralari beixtiyor xayolimizni band etadi:

...Bu go‘yo jahon ichra to‘fon erur,

Ki andin jahon ahli vayron erur.

Ne to‘fon, balo bahri chayqolmog‘i,

Jahon ahli suv ostig‘a qolmog‘i.

Bugun olib borilayotgan tinchliksevar siyosat tufayli o‘tgan bir yil ichida erishilgan yutuqlar bizga taskin berish bilan birga, qalbimizni iftixor tuyg‘ulariga ham to‘ldiradi. Zero, yurtimiz sarhadlari qadimiy qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik chegaralariga aylanmoqda, yurtimiz rahbarining bu boradagi da’vati jahon minbaridan yangramoqda, tashabbuslar olam ahli tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda, chunki biz Alisher Navoiyning quyidagi vasiyatiga hamisha sodiqmiz:

Olam ahli bilingizkim, ish emas dushmanlig‘,

Yor o‘lung bir-biringizgakim, erur yorlig‘ ish!

Habibullo JO‘RAYEV, filologiya fanlari doktori.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 5033