×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
11:18:35 (GMT +5), payshanba, 18 - yanvar 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


12 - yanvar 2018

Samarali tashqi siyosat – islohotlar va yangilanishlarni amalga oshirishning muhim sharti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 11-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari faoliyati tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni vakillari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, viloyatlar hokimlari, Tashqi ishlar vazirligi va boshqa vazirlik hamda idoralar rahbar xodimlari ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, o‘tgan davr mobaynida chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish, xorijiy davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona va o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirish borasida sezilarli natijalarga erishildi.

“O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustuvor yo‘nalish” tamoyili izchil hayotga tatbiq etilishi mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratish, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi aloqalarni mustahkamlash imkonini berdi. Shu asosda suvdan oqilona foydalanish, chegara, transport qatnovini qayta tiklash va kengaytirish kabi ko‘plab nozik masalalarga yechim topildi.

Rossiya va boshqa MDH mamlakatlari, Xitoy, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Yevropa va Osiyodagi bir qator davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik sezilarli darajada mustahkamlandi. BMT, YeXHT, ShHT, IHT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanmoqda. Toshkent shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining ofisi qayta ish boshladi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Osiyo infrastruktura investitsiyalari banki bilan hamkorlikni yangicha asosda yo‘lga qo‘yildi.

2017-yilda 200-dan ortiq xalqaro shartnomalar, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qiymati qariyb 60 milliard AQSh dollariga teng kelishuv va bitimlar imzolandi.

Bunday salmoqli ishlarda Tashqi ishlar vazirligi ham muhim o‘rin tutgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, uning muassasalari, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarining 2017-yildagi faoliyati tanqidiy tahlil qilinib, 2018-yil va yaqin istiqboldagi ustuvor vazifalari belgilab olindi.

Prezidentimiz Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yilida Tashqi ishlar vazirligining barcha yo‘nalishlardagi faoliyati samaradorligini tubdan oshirish zarurligini ta’kidladi. Bunda, avvalo, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni eksport qilishni qo‘llab-quvvatlash, mamlakatimiz sanoati va infratuzilmalarini modernizatsiya qilish uchun xorijiy investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar hamda ilm-fan yutuqlarini faol jalb etish, yurtimizga sayyohlar oqimini kengaytirish bo‘yicha tizimli ish olib borish kerak. Elchilar va barcha darajadagi diplomatlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va o‘zgarishlarning yangi bosqichida faol qatnashishlari lozim.

Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlardagi elchilar faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish, vazirlik va unga qarashli muassasalar tashkiliy-shtat tuzilmasini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Prezidentning Davlat maslahatchisi O.Murodov boshchiligidagi Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning xorijdagi elchixonalari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda tubdan takomillashtirish bo‘yicha komissiya Tashqi ishlar vazirligi tizimidagi har bir xodimning ishiga xolis baho berishi, mavjud kamchiliklarni tahlil qilib, ularni bartaraf etishga oid aniq takliflar kiritishi lozim bo‘ladi.

Tashqi ishlar vazirligi tuzilmasida tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash va investitsiyalar jalb etish, turizmni rivojlantirish, hukumatlararo komissiyalar faoliyatini kotibiyat sifatida muvofiqlashtirish, xorijdagi vatandoshlarimiz va fuqarolarimiz bilan ishlash bo‘yicha ixtisoslashgan bo‘linmalar tashkil etish muhimligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda bugun qo‘yilayotgan vazifalar diplomatik xizmatni huquqiy jihatdan tartibga solishning samarali tizimini shakllantirishni talab qilayotgani ham qayd etildi.

Mamlakatimizning xorijdagi har bir diplomatik muassasasi amaliy faoliyati atroflicha ko‘rib chiqildi va tanqidiy baholandi, yaqin istiqbolda tashqi siyosiy faoliyat yuritishning aniq yo‘nalishlari belgilab berildi.

Prezidentimiz har bir elchixonaga mamlakatimizning muayyan hududi va iqtisodiyot tarmog‘ini biriktirish taklifini bildirdi. Endi har bir elchi ish kunini o‘ziga biriktirilgan hudud hokimi va tarmoq rahbari bilan telefon orqali muloqot qilishdan boshlaydi. Eksport va turizmni rivojlantirish, biznes kooperatsiyasini kuchaytirish bo‘yicha aniq investitsion loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar tezkor hal qilinadi.

O‘z navbatida, viloyat hokimlari shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy axborot texnologiyalari, energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, sanoat va qishloq xo‘jaligi, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida bir yilda kamida ikki marta tegishli mamlakatlarga xizmat safariga borishi shart.

Yig‘ilishda, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi va uning diplomatik missiyalarining daxldor vazirlik hamda idoralar, mahalliy ijro organlari bilan o‘zaro idoralararo munosabatlarining aniq va samarali tizimini shakllantirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz tizimli va aniq targ‘ibot-tashviqot ishlari, ayniqsa, xorijiy mamlakatlarda yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. Xorijiy sheriklarimiz haligacha yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarish va islohotlar, ichki va tashqi siyosatimizning ustuvor jihatlari, biznes va investitsiya uchun yaratilayotgan qulay, yangi shart-sharoitlar haqida yetarlicha ma’lumotga ega emaslar, dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan Prezidentimiz “Jahon” axborot agentligi negizida yosh, salohiyatli mutaxassislarni jalb qilgan holda, eng ilg‘or texnikalar bilan jihozlangan zamonaviy media-markaz hamda Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparatida Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha alohida tuzilma tashkil qilishni taklif etdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, diplomat kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida istiqbolli, o‘z kasbiga sodiq va professional yosh kadrlar tayyorlash sifatini oshirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Belgilangan ustuvor vazifalarning amalga oshirilishi keng ko‘lamli islohotlar va yangilanishlar muvaffaqiyatining muhim sharti ekani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.

O‘zA



Marta o`qilgan: 1309