×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
21:10:24 (GMT +5), shanba, 23 - iyun 2018
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


25 - dekabr 2017

Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish to‘g‘risida bitim

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida

BITIM

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi o‘rinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,

O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risida 1992 yil 30 mayda imzolangan Shartnoma, O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida strategik sherikchilik to‘g‘risida 2004 yil 16 iyunda imzolangan Bitim, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida 1994 yil 15 aprelda imzolangan Mehnatkash-migrantlarni ijtimoiy himoya qilish va mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik to‘g‘risida Bitim hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi mehnatkash-migrantlari-fuqarolarining va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi mehnatkash-migrantlari-fuqarolarining mehnat faoliyati va huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida 2007 yil 4 iyulda imzolangan Bitimga amal qilib,

ishchi kuchi harakatlanishi jarayonlarini tartibga solish va huquqiy tartibga solishni yanada takomillashtirish zaruriyatidan kelib chiqib,

Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnatkash-migrantlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash istagida,

Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etishning O‘zbekiston Respublikasi mehnatkash-migrantlarining Rossiya Federatsiyasi hududida boshqa shakldagi bandliklariga nisbatan ustuvorligini tan olib,

quyidagilar to‘g‘risida kelishib oldilar:

1-modda

Mazkur Bitim Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish bo‘yicha Tomonlar hamkorligining tartibi va shartlarini belgilab beradi.

2-modda

Mazkur Bitimda qo‘llaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:

“vaqtinchalik mehnat faoliyati” - mehnatkash-migrantning Rossiya Federatsiyasi hududida Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va mazkur Bitimda belgilangan shartlarda va tartibda tuzilgan mehnat shartnomasi asosidagi ish faoliyati;

“tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida shartnoma” - tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish doirasidagi vaqtinchalik mehnat faoliyatining shartlari to‘g‘risida jo‘natuvchi tashkilot va ish beruvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma;

“axborot-tahliliy tizim” - ishchilarga extiyoji bo‘lgan Rossiya ish beruvchilari, bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar, ish xususiyati, ish haqi, ish rejimi, ta’lim, kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, ish stajiga bo‘lgan malaka talablari, ish beruvchi tomonidan chet ellik ishchiga taqdim etiladigan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risida axborotni o‘zida mujassamlashtirgan «Rossiyada ish» umumrossiya bo‘sh ish o‘rinlari axborot-tahliliy tizimi;

“ishga joylashtirishga nomzod” - Rossiya Federatsiyasi hududida jo‘natuvchi tashkilotga ishga joylashtirish maqsadida murojaat qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi, 18 yoshdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan davlat pensiyasiga huquq beruvchi yoshgacha bo‘lgan shaxs;

“vakolatli organlar” - Tomonlar davlatlarining mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalarni hal qilish vakolatiga kiradigan davlat hokimiyati organlari;

“tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish” - vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda jalb etish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui;

“jo‘natuvchi tashkilot” - tashkiliy asosda jalb etishni amalga oshirishga O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida belgilangan vakolatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxsi;

“ish beruvchi” - Rossiya yuridik hamda jismoniy shaxsi, shu jumladan Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan shaxs;

“ruxsatnoma” - Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi hududiy organi tomonidan Rossiya Federatsiyasi qonunchiligi va mazkur Bitim qoidalariga muvofiq berilgan mehnatkash-migrantning Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini tasdiqlovchi hujjat;

“mehnat shartnomasi” - Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ish beruvchi va mehnatkash-migrant o‘rtasida tuzilgan shartnoma;

“mehnatkash-migrant” - tanlovdan o‘tgan va Rossiya Federatsiyasi hududida qonuniy asosda bo‘lib turgan hamda ruxsatnoma (patent) mavjud holda Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashovchi 18 yoshga to‘lgan shaxs.

3-modda

Mazkur Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar quyidagilardan iborat:

Rossiya Federatsiyasi uchun:

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi;

Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi;

Mehnat va bandlik bo‘yicha Federal xizmat;

Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligi;

Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi;

Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

O‘zbekiston Respublikasi uchun:

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi.

Tomonlar vakolatli organlardagi o‘zgarishlar haqida bir-birlarini diplomatik kanallar orqali darhol xabardor qiladilar.

Mazkur Bitimni amalga oshirish maqsadida Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bir-birlari bilan bevosita hamkorlik qiladilar hamda mazkur Bitim qoidalarini yanada samarali bajarilishini ta’minlash maqsadida idoralararo bitimlar tuzishlari mumkin.

4-modda

Mehnatkash-migrantlarni tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etishni amalga oshirishda o‘z vakolatlari doirasida:

Rossiya Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi, Mehnat va bandlik bo‘yicha Federal xizmati Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:

ishchilarga extiyoji bo‘lgan Rossiya ish beruvchilari, bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar, ish xususiyati, ish haqi, ish rejimi, ta’lim, kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, ish stajiga bo‘lgan malaka talablari, ish beruvchi tomonidan chet ellik ishchiga taqdim etiladigan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risida axborotni axborot-tahliliy tizimda joylashtirish bo‘yicha faoliyatni tashkillashtiradilar;

mehnat qonunchiligi va mehnat huquqi normalari mavjud bo‘lgan boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradilar;

Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlariga Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy fuqarolar uchun kompleks imtihonlar o‘tkazuvchi tashkilotlarning ro‘yxatini belgilovchi normativ aktlar to‘g‘risida axborotni taqdim etadi;

kompleks imtihonlar o‘tkazish va tegishli sertifikat berish maqsadida Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy fuqarolar uchun kompleks imtihonlar o‘tkazuvchi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlari bilan bitimlar tuzishlari mumkin;

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi:

o‘z hududiy organlarining mehnatkash-migrantlarga Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq ruxsatnoma rasmiylashtirish va berish bo‘yicha faoliyatini tashkillashtiradi;

migratsiya sohasida federal davlat nazoratini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi:

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasida mehnatkash-migrantlarni tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish tartibida ishga joylashtirish imkoniyatlari haqida xabardor qilinishini amalga oshiradi;

tegishli malaka va ish tajribasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari orasidan ishga joylashtirishga nomzodlar tanlovini amalga oshiradi;

Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan xorijiy fuqarolar uchun Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq kompleks imtihonlar o‘tkazuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshiradi;

vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasi Ta’lim va fan vazirligi kompleks imtihonlarni topshirish uchun tavsiya etgan o‘quv-uslubiy materiallarga muvofiq o‘qitadi;

ishga joylashtirishga nomzodlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkillashtiradi;

ish beruvchilar bilan talab etilayotgan malaka va tajribaga ega bo‘lgan ishga joylashtirishga nomzodlarni, shuningdek mehnat shartnomalari loyihalarini kelishadi;

tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida shartnomalar reyestri yuritilishini amalga oshiradi;

ishga joylashtirishga nomzodlar bilan mehnat shartnomalari loyihalarini Rossiya Federatsiyasiga chiqishdan oldin kelishadi;

mehnatkash-migrantlarning tashkiliy asosda jalb etish tartibida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish joyiga qadar yetib borishini tashkillashtiradi;

Rossiya Federatsiyasi hududida Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq atrofdagilarga xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar va giyohvandlik kasalliklarini aniqlash bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan, Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik bo‘lishining muddati o‘tgan, shuningdek Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarini buzgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga qaytishini tashkillashtiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ishga joylashtirishga nomzodlarda ruxsatnoma olishga to‘sqinlik qiluvchi kasalliklar mavjud bo‘lishi holatlarining oldini olish maqsadida ularning sog‘lig‘i holati nazoratini amalga oshiradi;

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ishga joylashtirishga nomzodlarni quyidagilar bo‘yicha tekshiradi:

ularning xalqaro yoki davlatlararo qidiruvda ekanligi, shuningdek chiqishiga to‘sqinlik qiluvchi boshqa sabablar;

O‘zbekiston Respublikasi hududida Rossiya Federatsiyasi hududida ham jinoyat deb tan olinadigan jinoyati uchun tugallanmagan yoki olib tashlanmagan sudlanganlikning mavjudligi.

5-modda

Ishga joylashtirishga nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Rossiya Federatsiyasi hududida joylashgan tibbiyot muassasalarida amalga oshiriladi.

Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishgan taqdirda, ishga joylashtirishga nomzodlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish alohida xalqaro shartnoma bilan belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirilishi mumkin.

6-modda

Ish beruvchi bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar, shu jumladan ish haqi, ish rejimi, ta’lim, kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar, ish stajiga bo‘lgan malaka talablari, ish beruvchi tomonidan taqdim etiladigan qo‘shimcha ijtimoiy kafolatlar to‘g‘risida axborotni axborot-tahliliy tizimda Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda joylashtiradi.

Ish beruvchining mehnatkash-migrantlarni tashkiliy jalb etish va ishga qabul qilishda ishtirok etishining majburiy shartlari quyidagilardan iborat:

zaruriy sanitariya-gigiyena va boshqa me’yorlarga muvofiq yashash joylari, mehnatning xavfsiz shartlari va mehnatni muhofaza qilish, shuningdek ish joylarida texnika xavfsizligini ta’minlash;

Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam darajadan kam bo‘lmagan kafolatlangan mehnat haqi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish uchun ish beruvchi jo‘natuvchi tashkilot bilan tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida shartnoma tuzadi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi va ish beruvchilar hamkorligining tartibi va shartlari ular o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bilan tartibga solinadi.

7-modda

Mehnatkash-migrantlarni tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish tartibida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishga jalb qilish ish beruvchi bilan Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga muvofiq tuzilgan mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Ish beruvchi va mehnatkash-migrant Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga rioya qilishlari lozim.

Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq dam olish huquqiga ega.

Mehnatkash-migrantlar ish beruvchi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasining rasmiy bayram kunlarida mehnat faoliyatidan ozod qilinishlari mumkin.

Mehnatkash-migrantlarning Rossiya Federatsiyasi hududidagi tibbiy ta’minoti Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Rossiya Federatsiyasi hududida amal qiluvchi, Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq barpo etilgan sug‘urta tashkiloti bilan mehnatkash-migrant tomonidan tuzilgan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta shartnomasi (polisi) mavjud bo‘lishi mehnatkash-migrantlar tomonidan tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish tartibida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirishning asosiy sharti bo‘lib, ish beruvchi tomonidan mehnatkash-migrant vaqtincha mehnat faoliyatini hududida amalga oshirishi kutilayotgan Rossiya Federatsiyasi sub’ektida joylashgan tibbiyot tashkiloti bilan tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish tartibida mehnatkash-migrant bo‘lgan ishchilarga pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnoma tuzilgan holatlar bundan mustasno.

Mehnatkash-migrantlarning daromadini soliqqa tortish Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan soliqqa tortish sohasidagi xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiriladi.

8-modda

Ish beruvchi Rossiya Federatsiyasi vakolatli organi va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligini mehnatkash-migrant bilan mehnat shartnomasi tugatilganligi yoki bekor qilinganligi (shu jumladan muddatidan oldin), shuningdek mehnatkash-migrantning mazkur Bitim 6-moddasida ko‘rsatilgan shartnomalarda belgilangan talablarga nomuvofiqligi to‘g‘risida xabardor qiladi.

Ish beruvchi tomonidan Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlariga rioya etilmayotganligi to‘g‘risida axborot kelib tushgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligibunday axborotni Rossiya Federatsiyasining tegishli vakolatli organlariga yuboradi.

Mehnatkash-migrant Rossiya Federatsiyasi vakolatli organlaridan uning Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lishi va vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish shartlari va tartibi, shuningdek Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga oid axborot olish huquqiga ega.

9-modda

Ruxsatnomaning amal qilish muddati tugagan yoki bekor qilingan taqdirda mehnatkash-migrant Rossiya Federatsiyasi hududini tark etishi lozim, Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.

10-modda

Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan huquq va majburiyatlarga egadirlar.

Mehnatkash-migrantlar Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlari va Tomonlar davlatlari ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomalarga muvofiq ijtimoiy sug‘urta (majburiy tibbiy sug‘urtadan tashqari) va pensiya ta’minoti huquqiga ega.

11-modda

Ishga joylashtirishga nomzod ish beruvchining ishga qabul qilishni rad etishi yoki tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida shartnomada belgilangan asoslar bo‘yicha ish beruvchining aybi bilan bog‘liq ravishda ishga joylashtirilmasa, mehnatkash-migrantni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risida shartnoma bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaganlik uchun unga tegishli tovon puli to‘lagan holda ish beruvchi hisobidan amalga oshiriladi, basharti bu shartnoma shartlarida nazarda tutilgan bo‘lsa.

12-modda

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida mehnatkash-migrant vafot etgan yoki sog‘lig‘iga shikast yetgan taqdirda tegishli kafolatlar va tovon pullari Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi.

Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki ish beruvchining aybi bilan kasb kasalligiga chalinish oqibatida mehnatkash-migrant vafot etgan yoki sog‘lig‘iga shikast yetgan taqdirda, ish beruvchi mehnatkash-migrantni O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish yoki jasadni tashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplaydi.

Mehnatkash-migrant vafot etgan taqdirda ish beruvchi o‘lim fakti bo‘yicha materiallarni taqdim etgan holda bu haqda jo‘natuvchi tashkilotni darhol xabardor qiladi.

13-modda

Tomonlar davlatlarining vakolatlari organlari o‘z vakolatlari doirasida doimiy ravishda quyidagilarni amalga oshiradilar:

mehnatkash-migrantlarni tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish holati to‘g‘risida axborotni to‘plash, umumlashtirish va tahlil qilish;

ishchilarga ehtiyoji bo‘lgan ish beruvchilar, hudud va malaka bo‘yicha bo‘sh ish o‘rinlari va vakant lavozimlar to‘g‘risida axborotni dolzarblashtirish.

14-modda

Mazkur Bitim maqsadlari uchun vakolatli organlar mavjud axborot resurslaridan tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish doirasida Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishni rejalashtirayotgan yoki amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun zarur bo‘lgan Rossiya Federatsiyasi qonun hujjatlarida belgilangan axborotni joylashtirish uchun foydalanish huquqiga ega.

15-modda

Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish va qo‘llashda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar muzokaralar va maslahatlashuvlar orqali hal etiladi.

16-modda

Tomonlarning kelishuviga ko‘ra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi bo‘lgan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan o‘zgartishlar kiritilishi mumkin.

17-modda

Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari haqidagi so‘nggi yozma xabarnomani diplomatik kanallar orqali olgan kundan boshlab kuchga kiradi.

Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi. Tomonlardan har biri Bitimning amal qilishini boshqa Tomonni bu haqda diplomatik kanallar orqali yozma shaklda xabardor qilish orqali tugatishi mumkin. Bunday holatda mazkur Bitimning amal qilishi bunday xabarnoma olingan sanadan boshlab olti oy o‘tgandan so‘ng tugatiladi.

Mazkur Bitim amal qilishi tugagan taqdirda Tomonlar mazkur Bitim amalda bo‘lgan davr mobaynida vujudga kelgan majburiyatlarni tartibga soladilar.

Moskva shahrida 2017-yil 5-aprelda har biri o‘zbek va rus tillarida bo‘lgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.

                                 O‘zbekiston Respublikasi                                   Rossiya Federatsiyasi

                                      Hukumati nomidan                                           Hukumati nomidan

Yuklab olish uchun hujjatlar:

B,


Marta o`qilgan: 8453