×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
14:12:51 (GMT +5), yakshanba, 20 - oktabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


24 - noyabr 2017

Suv – mintaqamiz uchun barqaror taraqqiyotni ta’minlashda muhim omil

Toshkentda 23-noyabr kuni Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi tashkil etilganining 25 yilligi munosabati bilan “Markaziy Osiyo davlatlarining suv bo‘yicha hamkorligiga 25 yil: erishilgan tajriba, istiqboldagi vazifalar” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boshlandi.

Unda Markaziy Osiyo davlatlari suv xo‘jaligi tashkilotlari, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, Sharqiy Yevropa, Kavkaz va Markaziy Osiyo suv xo‘jaligi tashkilotlari tarmog‘i, Xalqaro havzaviy tashkilotlar tarmog‘i, Xalqaro suv resurslari assotsiatsiyasi, Irrigatsiya va drenaj bo‘yicha xalqaro komissiya, Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti, BMT Taraqqiyot dasturi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati kabi qator xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari, 200 dan ortiq xorijiy va mahalliy ekspertlar, taniqli olimlar, mutaxassislar ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.Mirzayev, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ijroiya qo‘mitasi raisi G.Bayjanov va boshqalar bugungi globallashuv sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv xo‘jaligini samarali boshqarish, suv ekotizimlarini saqlash hamda atrof-muhit muhofazasini ta’minlash dolzarb ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Markaziy Osiyoda suv resurslarini samarali boshqarish va sohani barqaror rivojlantirishda 1992-yil 18-fevral kuni Qozog‘istonning Almati shahrida asos solingan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur tuzilma Amudaryo, Sirdaryo va boshqa transchegaraviy daryolardan oqilona foydalanish, suv resurslarining integratsiyalashgan boshqaruvini joriy etish orqali Markaziy Osiyoda transchegaraviy suv manbalarini boshqarishning o‘ziga xos mexanizmi sifatida xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan.

O‘zbekiston Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasida faol ishtirok etib, transchegaraviy daryolardan umume’tirof etilgan xalqaro me’yorlar asosida foydalanishga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mintaqadagi suv resurslarini birgalikda samarali boshqarish masalasi O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda mintaqadagi umumiy suv zaxiralaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi.

Prezidentimizning joriy yil Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga davlat tashriflari chog‘ida bu borada qator kelishuvlarga erishildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida suv resurslarini boshqarish masalalari bo‘yicha ishchi guruhlarning muntazam uchrashuvlarini tashkil etish yuzasidan aniq maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning joriy yil 15-16-sentabr kunlari mamlakatimizga davlat tashrifi chog‘ida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» imzolandi.

Ayni paytda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida suv resurslarini boshqarish masalalari bo‘yicha maxsus ishchi guruhi tuzilib, uning bir nechta uchrashuvlari o‘tkazildi. Qirg‘iziston Respublikasi bilan ham ana shunday ishchi guruhi tuzish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Turkmaniston bilan 1996 yilda imzolangan bitimga muvofiq Amudaryoning suv resurslaridan birgalikda foydalanish amaliy tarzda hal etilmoqda. Joriy yil 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda Turkmaniston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida imzolangan suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi.

Yurtimizda jami ishlatiladigan suv miqdorining 90 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois suv resurslaridan samarali foydalanish, ekin maydonlarida tejamkor sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilashga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Buning natijasida mamlakatimizda yillik foydalanilayotgan suv miqdori o‘tgan asrning 80-yillaridagi 64 milliard metr kubdan hozirgi kunga kelib o‘rtacha 51 milliard metr kubgacha kamaytirildi.

Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat, aholining yashash sharoitlari yaxshilanmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-yanvardagi “2017-2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mintaqa aholisining turmush sharoitlari va sifatini yaxshilashga yo‘naltirilgan 2017-2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi tasdiqlandi.

– Markaziy Osiyo xalqlari suvdan foydalanish borasida boy madaniyatga ega, – dedi Qozog‘iston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Yerlan Nisanbayev. – Mintaqadagi transchegeraviy daryolar qadimdan xalqlarimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilib kelgan. Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi doirasida suv resurslarini boshqarish va tejash sohasida amalga oshirilayotgan mintaqaviy hamkorlik xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Konferensiyada ta’kidlanganidek, mintaqa iqtisodiyotining yuksalishi ko‘p jihatdan suv xo‘jaligini samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish hamda atrof-muhit muhofazasini ta’minlovchi iqtisodiy mexanizmlarni joriy etishga bog‘liq. Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi faoliyati mamlakatlar o‘rtasida suvdan foydalanishda amaliy hamkorlikni mustahkamlash imkoniyatlari yuqori ekanini ko‘rsatadi.

– Mazkur tuzilma suv resurslaridan xalqlarimiz manfaatlarini ko‘zlab foydalanishda muhim institutga aylandi, – dedi Tojikiston Respublikasi energetika va suv resurslari vazirining birinchi o‘rinbosari Sulton Rahimzoda. – Komissiya suv xo‘jaligidan unumli foydalanish, suv taqchil hududlarda tejamkor usullarni joriy etish, suv xo‘jaligi boshqaruvida iqtisodiy samaradorlikni ta’minlashda muhim vazifalarni bajarmoqda. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va ishonch tobora ortayotgani sohadagi istiqbolli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

– Markaziy Osiyodagi asosiy suv zaxiralari transchegaraviy bo‘lib, suv mintaqamiz uchun barqaror taraqqiyotni ta’minlovchi asosiy omildir, – dedi O‘zbekiston qishloq va suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Shavkat Hamroyev. – Mamlakatlarimizning suv zaxiralaridan birgalikda foydalanish yo‘lidagi harakatlari o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlikka asoslangan. Davlatlarimiz rahbarlarining mintaqadagi suv bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga turtki bo‘lgan Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasini tashkil etish tashabbusi oqilona va uzoqni ko‘zlab qilingan ish bo‘lganini alohida hurmat va minnatdorlik bilan ta’kidlash joizdir.

Xalqaro anjumanda “Transchegaraviy suv hamkorligi – Markaziy Osiyoda oziq-ovqat, energetik va ekologik xavfsizlik asosi”, “Suv resurslarini integratsiyalashgan boshqarishni amalga oshirish iqlim o‘zgarishlariga moslashishning muhim vositasi”, “Suv xo‘jaligi sohasida suvdan foydalanish muammolarini hal qilishda yosh mutaxassislarning ishtiroki” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiya doirasida “Suv xo‘jaligi va suv xo‘jaligidagi texnologiyalar – WATER – 2017” Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi tashkil etildi. Unda suvni tejash texnologiyalari, sug‘orish tizimlarini avtomatlashtirish, metrologiya tizimini rivojlantirish va suv resurslarini hisobga olishning zamonaviy texnologiyalari, qurilma va uskunalar, innovasion ishlanmalar namoyish etilmoqda.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 7773