×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

+998 71-233-80-98


Elektron-pochta: info@mfa.uz


Konsullik-huquqiy departanmenti

+998 71-236-27-07 (viza masalalari)

+998 71-233-36-03, +998 71-233-67-23 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

+998 71-236-37-54 (pasport bo‘limi)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
16:37:16 (GMT +5), chorshanba, 30 - sentabr 2020
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


1 - iyul 2017

O‘zbekiston: Bunyodkorlik sari

Prezidentimizning keng ko‘lamli tashabbuslari O‘zbekistonning jadal taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini ta’minlamoqda.

Kun ortidan kun, oy ortidan oy, yillar bir-birini quvib o‘taveradi. Dunyoda har lahza, har daqiqa yaxshi va yomon, oddiy hamda murakkab voqeliklar yuz beraveradi. Shunchaki uxlab, turib, yana uxlab vaqt o‘tkazish mumkin. Mudrasang ham soat millari yuguraveradi. Ammo shunday yashasang, orqada qolib ketasan, biring ikki bo‘lmaydi. Qora qozoning goh qaynab, goh qaynamaydi. Asta-sekin hayotdan chetga chiqasan. Obro‘ying, martabang, shonu sharafing, sha’ning... Axir inson yaxshi yashashi kerak: orzulariga yetib, ozod va obod, farovon jamiyatda qadri ulug‘lanib kun kechirish — unga munosib emasmi?!

Xuddi shunday.

Kecha, undan oldin, bugun davlatimiz rahbari bizni yanada yaxshi yashashimiz uchun uyg‘oq bo‘lishga chorlayapti. Qozonimiz hamisha qaynab, dasturxonimiz nozu ne’matlardan yal-yal yonib, qo‘limizni uzatsak uzoq-uzoqlarga yetishini istab, g‘ayrat-shijoat ko‘rsatishga, dardingiz bo‘lsa ayting, davlatimiz siz, azizlarga xizmat qiladi, bundan buyon faqat hushyor, ogoh bo‘lib, men O‘zbekiston farzandiman, shu el uchun, shu yurt uchun fidoyi bo‘laman, to‘q, farovon, go‘zal hayot zavqu shavqini suraman, desangiz, olg‘a intiling, yuksak marralarni birga zabt etaylik, deb yangi zafarlar sari undayapti.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, O‘zbekiston degan tabarruk oilaning har bir ro‘zg‘or tutumi jabhasida aniq-ravshan yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, davlat va xalq hayotiga doir biron-bir soha qolmadiki, yangilanishga, jadal rivojlanishiga oydin yo‘l ochib berilmagan bo‘lsa.

Fermerdan tortib, muhandisgacha, hunarmanddan tortib akademikkacha, umuman, qaysi kasb-korning tizimi bo‘lsa, dehqoncha qilib aytganda, “shudgori yaxshi bo‘ldi, obihayot tarab qo‘yildi. Urug‘ qadaldi — endi hosil barakali bo‘ladi”.

Shu yilning 27 iyun kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma olti yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Kindik qonimiz to‘kilgan muqaddas tuproq, sajdagohimiz, abadiyat beshigimiz — ona-Vatan! Qoshu ko‘zingdan aylanayin, fidoying bo‘laylik, ayt bizdan rozimisan?! Prezidentimiz har birimizga istiqlolimizning

26 yilligini dilimizda takrorlab, uning ma’nosini ro‘yobga chiqarib, ulug‘ bayramimizni munosib kutib olishimizga oid g‘oyalarni o‘rtaga tashladi. Binobarin, -davlatimiz rahbari besh yil mobaynida qo‘lga kiritishimiz lozim bo‘lgan Harakatlar strategiyasining samarasi o‘laroq, qudratli mamlakatga aylanishimiz yo‘lining besh yo‘nalishini belgilab berdi.

Maqsad aniq: biz baxtli, hech narsadan kamchiligi bo‘lmagan, yetuk va salohiyatli, fuqarolari hayotidan rozi, hammaning havasiga molik davlat hamda jamiyat barpo etajakmiz. Hoziram chakki emas-ku, deb kimdir e’tiroz bildirishi mumkin. Yoxud aksi. Yo‘q. Biz oriyatli — davralardan quruq qolmagan, mardu maydon xalqmiz. Bizga kichkina niyat to‘g‘ri kelmaydi. Hamisha katta orzularni ko‘zlab kelganmiz.

Shu ma’noda, Prezidentimizning har bir ishi, tashabbusi ana shunday yuksaklikni ifodalagani bilan bizga ulkan ishtiyoq, baland kayfiyat baxsh etmoqda.

Buni esa chuqur va teran anglashimiz kerak.

Buni anglash uchun an’anaviy ommaviy axborot vositalari, ya’ni davlat va nodavlat, internet-nashrlarga bir nigoh tashlashning o‘zi kifoya. Berilayotgan yangiliklar to‘plami u yoki bu tarzda mamlakatimiz rahbarining tashabbuslari, qabul qilgan qarorlari bilan bog‘liq. Prezidentimiz bugun eng asosiy bunyodkor g‘oyalar muallifi sifatida yangilanishlar boshida turib, xabarlarni aholiga yetkazishda ham namuna ko‘rsatmoqda. So‘nggi kunlarda kuzatilgan voqealarning o‘ziyoq bundan dalolat beradi. Savdo-sanoat palatasidagi islohotlar,

11 yillik ta’limni tajriba-sinov tarzida joriy etish taklifi, tadbirkorlar va eksport qiluvchilar uchun qo‘shimcha rag‘batlar — bularning barchasi hayot taqozo etayotgan nihoyatda dolzarb masalalar ekanini his qilish qiyin emas. Shu bois ham matbuotning, butun jamoatchilikning bu yangiliklarga nisbatan qiziqishi kuchli.

Ommaviy axborot vositalarining qiziqishi haqida so‘z yuritar ekanmiz, faqat milliy emas, balki xorijiy nashrlarni ham nazarda tutayapmiz. Negaki, Shavkat Mirziyoyevning xalqaro anjumanlar minbaridan turib ilgari surgan g‘oyalari global ahamiyatga ega. Jumladan, islom dinining ziyoga, ezgulikka yetaklovchi xususiyati, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, terrorchilikka qarshi turish uchun kuchlarni birlashtirish zarurligi kabi g‘oyalari yetakchi davlatlar rahbarlarining takliflari bilan hamohang. Shu bilan birga, ularning eng muhim jihati — O‘zbekiston manfaatlaridan kelib chiqqanligidir.

Hamma narsa ildiziga qaytadi

Moziyga qarab ish tutish xayrli, deyishadi. Sababi, necha ming yillik tariximiz davomida orttirgan tajribamiz, ma’naviy-ma’rifiy merosimiz, erishgan yutuqlarimiz bilan bir qatorda, asrlar osha yonma-yon, qo‘lni qo‘lga berib kelgan qavmu qarindosh hamsoyalarimiz, jonu jigar qo‘shnilarimiz, biz bilan qadrdon bo‘lgan, qadriyatlari, an’analari yaqin birodar xalqlar va davlatlar bilan devorlarni surib tashlab suhbat qurishga nima yetsin!

Bordi-keldi ko‘paysa, zamonaviy karvonlar u yoqdan bu yoqqa, bu yoqdan u yoqqa qatorlashib o‘tsa, kim yutadi: hamma.

Avvalambor, bobolarimizdan qolgan e’tibor, e’zoz, yaxshilik osmon qadar yuksaladi. Mayda-chuyda gina-kuduratlar unutiladi. Yaqin do‘st, hamkor va hamnafaslikda haqiqiy do‘stona, shuning bilan birga, manfaatli aloqalar kengayadi. San’atlar, madaniyatlar, iqtisodiyotlar, eng muhimi, bir-biriga qalbi tutash xalqlar yagona maqsad yo‘lida harakatlanadi.

Davlatimiz rahbarining Turkmaniston, Qozog‘iston va Rossiyaga qilgan tashriflari, nufuzli xalqaro forumlardagi ishtiroki O‘zbekiston jahon hamjamiyati uchun ochiq ekanini namoyon etib, turli yo‘nalishlarda keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini jadal rivojlantirishga tayyorligini ko‘rsatdi.

Xitoy faylasufi Lao Szi 2,5 ming yil avval aytganidek, dunyoda hamma narsa o‘sadi, gullaydi va ildiziga qaytadi. O‘zbekiston Prezidenti “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi nutqida Buyuk Ipak yo‘lining turli mintaqalarning o‘zaro munosabatlaridagi ahamiyati, uning qayta tiklanishi naqadar muhimligi haqida fikr yuritar ekan, yuqoridagi iboraga alohida murojaat qilib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga may oyidagi davlat tashrifi, xuddi oldingilaridek, ekspertlar tomonidan bir ovozdan tarixiy, tub burilish yasovchi voqea, deya baholandi. Tashrif davomida davlatlarimiz o‘rtasida umumiy chegara bo‘lmasa-da, o‘zbek va xitoy xalqlari o‘zlarining urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari, mehnatsevarligi va bebaho tarixi bilan bir-biriga juda yaqin ekanligi qayd etildi.

Shu o‘rinda Buyuk Ipak yo‘lini ming yillar oralig‘ida dillarni dillarga, ellarni ellarga bog‘lagan buyuklik yo‘li, deb ta’riflasak, maqsadga muvofiqdir. U 12 ming kilometrni tashkil etib, Xitoyning qadimgi poytaxti Siandan boshlanib, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Eron va Mesopotamiya orqali to O‘rta Yer dengizigacha yetib borgan. Bizning yurtimiz bo‘lsa, uning qoq o‘rtasida joylashgan, ya’ni bu yerdan Sariq va Sharqiy Xitoy dengizi, Yevroosiyoning sharqiy chegaralarigacha bo‘lgan masofa taxminan 4,5 ming kilometr, Atlantika okeanigacha esa 5 ming kilometrcha keladi.

Ajdodlarimiz mingyilliklar davomida dunyo haqidagi tasavvurlarini kengaytirib, qo‘shnilar bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilib kelganlar. Tarixda shunday dalil borki, Xitoyning janubi-sharqiy chegarasi, Vetnamga yaqin joyida eramizning beshinchi asriga oid qazilmalar orasida kumush idish topilgan bo‘lib, unda so‘g‘d yozuvi bitilgan. Idish Choch, ya’ni hozirgi Toshkent ahli vakiliga tegishli bo‘lgan. Demak, o‘sha vaqtlardayoq sayyohlar baland cho‘qqilar, jazirama cho‘llar va tezoqar daryolarga qaramasdan, Osiyo qit’asining chekkasiga qarab 5 ming kilometr masofani bosib o‘tganlar.

Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab ajdodlarimiz solgan so‘qmoqlarni o‘t bosib ketmadi, balki aksincha, ular keng magistrallarga aylandi, harakatlanish ko‘rsatkichi esa borgan sari ortmoqda. O‘zbekiston Prezidentining XXRga tashrifi chog‘ida davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo darajadagi yuzdan ortiq hujjatlar imzolandi. Ularning umumiy qiymati 23 milliard dollardan oshadi.

Kecha tasavvurga sig‘masdi, bugun — haqiqat

Kim yo‘lga chiqmasin, uni chamalaydi, qachon va qayerdan o‘tishini, kim bilan hamroh bo‘lishini, safar natijasini oldindan chuqur o‘ylab ko‘radi. Chunonchi, Xitoy bilan uzviy hamkorlik, savdo-iqtisodiy aloqalarning izchil mustahkamlanishi Harakatlar strategiyasi, ya’ni yaqin besh yil va keyingi yillarga mo‘ljallangan, barqaror taraqqiyotning ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi konseptual vazifalarini o‘z ichiga olgan “yo‘l xaritasi”ga uyg‘un. Oltin, uran, paxta va tabiiy gaz ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘ntalikka kiruvchi O‘zbekistonda dunyoga taklif eta oladigan mahsulotlari bisyor. Bu ayni paytda qiziqish tobora kuchayayotgan zamonaviy texnologik tovarlarga ham tegishli. Masalan, Ostona shahrida bo‘lib o‘tayotgan “EKSPO — 2017” xalqaro ko‘rgazmasi tashkilotchilarining xabar berishicha, mamlakatimiz paviloni katta qiziqish uyg‘otayotgan pavilonlar orasida

2-o‘rinni egallab turibdi. Eng ko‘p tashrif buyurilayotgan pavilonlar o‘ntaligida Hindiston, Xitoy, Turkiya, Malayziya kabi davlatlarni ortda qoldirdi. Dastlabki ikki hafta ichida ko‘rgazmamizni 100 mingdan ortiq kishilar borib ko‘rdi. Bu raqamlar bizda qanday taassurot uyg‘otadi? Shubhasiz, yoqimli va g‘ururbaxsh.

Endilikda mavjud ishlab chiqarish quvvatlariga, boshqa tarmoqlardagi ulkan salohiyatiga tayangan O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari, azaliy hamkorlari bilan, shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar bilan aloqalarni tobora mustahkamlayapti. Prezidentimizning ShHT sammitidagi takliflari muhim va dolzarbligi, davrimizning yana bir ilg‘or g‘oyalariga aylandi. Bu tashabbuslar “Bir makon, bir yo‘l” doirasida keng ko‘lamli loyihalarni birgalikda amalga oshirish, ilmiy integratsiya, yangi transport magistrallari orqali jahon bozoriga chiqish kabi masalalarga ham tegishli.

Ulug‘ shoirimiz o‘afur o‘ulom mashhur she’rida “Bu yo‘llar ko‘p qadim yo‘llardir...” deb o‘tgan asrning boshlarida qurilgan temir yo‘ldan faxr ila, ko‘ksi to‘lib, bir qadar surur, bir qadar cheksiz g‘am bilan hayqirgan edi. Agar ulug‘ shoirimiz hayot bo‘lganida, istiqlol yillarida O‘zbekiston nafaqat butun mamlakatni yagona temir yo‘l tizimiga birlashtirishga erishganini, shu bilan birga, to‘rt qutbga qarab transport kommunikatsiya yo‘laklarini barpo etishga qat’iy kirishganini ko‘rib, avlodlar taqdiriga, albatta, tasannolar aytardi.

Ta’kidlash joizki, transportga e’tibor nafaqat global koridorlar masalasida, balki mahalliy yo‘nalishlar doirasida ham takomillashmoqda.

Deylik, kechagina Farg‘ona vodiysida elektr poyezdlar harakatlanishiga ishonish qiyin edi. Bugun esa aholiga qulaylik yaratish maqsadida bu yerda zamonaviy, tezyurar transport qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yaqin kelajakda elektrlashtirilgan temir yo‘llar vodiyni to‘liq qamrab oladi.

Davlatimiz rahbari viloyatlarga safari chog‘ida doimo shu singari dolzarb masalalarga e’tibor qaratib kelayotgani barchaga ayon. Farg‘onada, misol uchun, transport bilan bog‘liq masala ko‘rilgan bo‘lsa, Xorazmda — yuqori texnologik tibbiyot xizmatini yaxshilash, Jizzaxda respublikani benzin bilan ta’minlash, Buxoroda — turizm va infratuzilmani rivojlantirish, poytaxtimiz tumanlarida esa kommunal soha muammolari yechimiga urg‘u berildi. Eng so‘nggi yangiliklardan yana biri ko‘pgina tumanlarda jismoniy imkoniyati cheklangan ayollarga beg‘araz asosda zamonaviy tikuv mashinalari tarqatilmoqda. Ular bilan mehnat shartnomalari tuzilib, matolar yetkazib -beriladi. Tayyor bo‘lgan buyurtmalar esa uylariga kelib olib ketiladi.

Qarang, hal etib bo‘lmaydigan muammoning o‘zi yo‘q. Faqat ularni manzilli yondashuv tufayli, ya’ni har bir shahar va tumanning o‘ziga xosligini, iqtisodiy salohiyati va u yerda yashovchi odamlarning kayfiyatini hisobga olish yo‘li bilan bartaraf etish mumkin, aslida.

Ochiq muloqot — mamnuniyat mezoni

Yurtdoshlarimiz barcha sohadagi muammolarni tez va samarali hal etish bo‘yicha uzoq istiqbolga mo‘ljallangan hayotiy, aniqrog‘i, amaliy tizimni quvonch bilan kutib olishdi. Davlat rahbarining virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali fuqarolar bilan muloqot o‘rnatishning yangicha tizimi adolatni ta’minlash va islohotlarni chuqurlashtirish borasida hal qiluvchi bosqich bo‘libgina qolmay, u pirovard maqsadga — ongni uyg‘otish va bunyodkorlik ruhini kuchaytirishga erishish vositasidir. Bugun vazirlik, idora, hokimiyat yo tashkilot borki, fuqarolar bilan muloqotda, ularning xizmatida.

Ommaviy axborot vositalari zimmasidagi vazifalar ham ulkan. Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llangan bayram tabrigida qayd etilganidek, hayotimizdagi mavjud muammolarni, joylarda tashkil etilgan Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonada aholi tomonidan ko‘tarilayotgan o‘tkir hamda dolzarb masalalarni, ularning sabab va omillarini ochib berish, jamiyatimizda tanqid va o‘z-o‘zini tanqid ruhini kuchaytirish, afsuski, ommaviy axborot vositalari fao-liyatida hali to‘la o‘z ifodasini topgan emas. Bu esa ijod sohasi vakillaridan yanada qat’iy harakatlarni, faollik va tashabbuskorlikni, barcha kuchni mamlakat va jamiyat manfaati uchun safarbar qilishni talab etadi.

Bugun davlat chinakam ma’noda inson manfaatlariga xizmat qilmoqda. Mamlakat rahbari uchun xalqning xohish-irodasi, ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga nisbatan fikri va kelajak haqidagi tasavvuri juda muhim. Ko‘pchilikning fikri muammoli jihatlarni yaxshi anglab olishga va ularga o‘z vaqtida yechim topishga imkon beradi. Xususan, rahbarlar orasida Alisher Navoiyning “Odamiy ersang, demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” degan so‘zlariga amal qiluvchilar safi tobora kengayib borayotganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Qiyin sharoitga tushib qolgudek bo‘lsang, senga yelka tutib, qo‘llab-quvvatlovchilar borligiga ishonish — katta baxt. Buni anglab, shu tuyg‘u bilan hayot kechirilsa, dadil rejalar tuzish, ularni ro‘yobga chiqarish uchun mehnat qilish va farovonlikka erishish ham oson kechadi.

Darvoqe, baxt indeksini ham o‘lchash mumkin ekan. Bu vazifa bilan deyarli bir asrdan buyon global miqyosda faoliyat yuritib kelayotgan nufuzli tahlilchi tashkilot — “Gellap” institutining sotsiolog olimlari shug‘ullanishadi. Ular tadqiqot davomida 142 ta davlatning 150 mingga yaqin fuqarolari orasida so‘rov o‘tkazishdi. So‘ng odamlarning kayfiyatini, o‘z hayotidan mamnunligini aniqlashdi. So‘rov yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan ijobiy his-tuyg‘ular indeksida O‘zbekiston to‘plangan ballarga ko‘ra, jahonda uchinchi o‘rinni egalladi. MDHda esa birinchi!

O‘zini va yaqinlarining xavfsizligi, sevgan kasbi bilan shug‘ullanish imkoniyati, atrofda ro‘y berayotgan yangilanishlar — ana shu omillarning barchasi mamlakatimizda inson o‘z hayotidan mamnun bo‘lib yashashiga zamin yaratdi. Bunday kayfiyatni “Gellap” instituti mutaxassislari o‘z hisobotlarida aks ettirishdi. Yaqinda mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xalq farovonligini yuksaltirishda, mamlakat taraqqiyotida muhim rol o‘ynayotganini ta’kidlab o‘tgani bejiz emas.

Mard, olijanob, bag‘rikeng, orzulari mo‘l xalqimiz Prezidentimizning bunyodkorlik yo‘lidagi tashabbuslaridan ilhomlanib, ana shu ezgu va xayrli maqsadlar sari dadil qadam tashlamoqda. Bugunning muhim, ishonchli hamda mustahkam haqiqati shu.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 10261