×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
23:04:35 (GMT +5), dushanba, 24 - iyun 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


21 - fevral 2017

Fuqarolik burchi va daxldorlik tuyg‘usi

Harakatlar strategiyasini ishlab chiqishda davlat hamda jamoatchilik institutlarining keng ishtirok etishi mazkur dasturilamal hujjatning hayotiyligi va zamon talablariga muvofiqligini belgilab berdi. Ushbu muhim jarayonda davlat hamda jamiyat salohiyatini, sa’y-harakatini birlashtirish ham Strategiyani muvaffaqiyatli amalga oshirishda dolzarb ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishidan biri sifatida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish belgilangan. Bunda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda parlament va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq choralar ko‘zda tutilgani muhim rol o‘ynaydi.

Negaki, aynan hokimiyatning vakillik organlari Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq, strategik vazifalarni muvaffaqiyatli hal etishning mustahkam va samarali huquqiy negizini yaratishga vakolatli hisoblanadi. Binobarin, bizning asosiy maqsadimiz inson, uning huquq hamda ­erkinliklari, sha’ni oliy qadriyat hisoblangan huquqiy demokratik davlat barpo qilishdir.

Qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan o‘zgartirish, davlat hayotidagi yetakchi siyosiy kuchlarning o‘rni va rolini kuchaytirish Harakatlar strategiyasini kelgusi besh yilda amalga oshirishning, mamlakatni uzoq istiqbolda rivojlantirish hamda modernizatsiyalashning muhim va hal etuvchi omili hisoblanadi.

Birgina 2017 yilda Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga binoan, Oliy Majlis palatalari 50 ta qonun loyihasi ustida ish olib borishi kerak bo‘ladi. Ulardan 18 tasi mutlaqo yangi qonun bo‘lsa, 30 dan ortig‘i amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritishni ko‘zda tutadi. Ushbu hujjatlarning asosiy maqsadi jamiyat hayotining barcha jabhasida munosabatlarni tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, davlat va jamiyat qurilishida 17 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Qonun ustuvorligini ta’minlash hamda sud-huquq tizimini yanada isloh qilishda tegishincha 18 ta qonun loyihasi, iqtisodiyotni liberallashtirish sohasida 7 ta, ijtimoiy sohada 4 ta, tashqi siyosiy faoliyatda 3 ta qonunni ishlab chiqish belgilangan. Davlatimiz rahbari topshirig‘iga binoan, joriy yil Davlat dasturiga Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi loyihasini ishlab chiqish vazifasi kiritilgan. Davlat dasturida, shuningdek, “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihalari singari katta ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash belgilab berilgan.

Ular orasida parlamentning nazorat-tahlil faoliyati samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan huquqiy hujjatlar alohida o‘rin tutadi. Bular qonun ustuvorligini ta’minlash, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni o‘rganish, milliy qonunchilikni izchil rivojlantirishning muhim asosi bo‘ladi.

Ma’lumki, 2016 yilning aprel oyida “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda parlament nazoratini amalga oshirishning aniq mexanizmlari, shakl hamda usullari mustah­kamlab qo‘yildi. Parlament ­amaliyotiga parlament tekshiruvi, senator va deputatlar so‘rovi, parlament palatalari kengashi qarori bilan maxsus tashkil etilgan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi faoliyati hamda boshqalar yangi nazorat shakl­lari sifatida joriy etildi.

Parlament nazorati o‘z maqsad, vazifa va tamoyillarini saqlagan holda, davlat hamda jamiyat qurilishida kechayotgan o‘zgarishlar bilan uyg‘un rivojlanib borishi maqsadga muvofiqdir. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida parlament nazoratining joylardagi ishlar holatini bevosita o‘rganish, xalq bilan ochiq hamda ishonchli muloqot mexanizmlarini yaratish bo‘yicha vazifalar kun tartibiga chiqadi. Senatorlar va Qonunchilik palatasi deputatlarining fevral oyida mamlakatimiz hududlarida o‘tkazilgan o‘n kunlik tahliliy faoliyati, aholi bilan yuzma-yuz muloqotlari bunday yondashuvning samaradorligini ko‘rsatdi. Aynan u yoki bu qonun muayyan oilaga, tuman aholisiga nisbatan qanday ishlayotganini, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolar sababini amalda o‘rganish imkonini berdi.

Shu sababli parlament a’zolari “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi Qonunga yangi mexanizmlarni joriy qilish hamda ularni ochib berish maqsadida tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalarni ishlab chiqishi lozim.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombuds­man) faoliyati parlament nazoratining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sanaladi. Uning aniq tartibga solinishi, fuqarolar huquq hamda erkinliklarini muhofaza etishda ombudsman mintaqaviy vakillari roli va o‘rnini kuchaytirish ushbu institutning mas’uliyati hamda samaradorligini oshirishning muhim shartidir. Shu bois ombudsman to‘g‘risidagi tegishli qonunga o‘zgartishlar kiritish ko‘zda tutilgan. Bu bilan ombudsman mintaqaviy vakillarining huquqiy maqomi, vakolat va majburiyatlarini belgilash mo‘ljallanmoqda.

Parlament nazorati qonun ijodkorligi faoliyati singari davlat hayotining barcha jabhasini qamrab olishi, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari bilan aloqalarda huquqiy munosabatlar ishtirokchilari tomonidan qonunlarga barqaror rioya etilishini ta’minlashi kerak. Hozirgi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotiga xorij investitsiyasini faol jalb qilish dolzarb vazifa, ­desak, aslo yanglishmaymiz. Inves­titsiyalar nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari ravnaqiga yo‘l ochadi, ayni paytda ularning raqobatdoshlik salohiyatini kuchaytiradi.

Ma’lumki, 2016 yilning dekabr oyida parlament yuqori palatasida Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi negizida Jahon miqyosida milliy manfaatlarimizni muhofaza etish hamda ilgari surish borasidagi tashqi ­siyosiy faoliyatni amalga oshirish masalalarida parlamentning roli va nazoratini yanada kuchaytirish, xalqaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, mamlakat hududlariga xorijiy inves­titsiyalar hamda zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, turizm­ni rivojlantirish, dunyo maydonida davlatimiz nufuzini yanada yuksaltirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ­Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiya­lar va turizm masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. Uning tuzilmasi hamda faoliyat ko‘lami kengaytirildi, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy qilindi, uning zimmasiga shu sohadagi faoliyatning muvofiqlashtirilishini tashkil etish, dasturlar va ish rejalari ijrosini nazorat qilish vazifalari yuklatildi.

Shu munosabat bilan parlament­ning joriy yil uchun ish rejasiga “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi to‘g‘risida” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunlarga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga hamda O‘zbekis­ton Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamentiga qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish kiritilgan. Shuningdek, xorijiy davlatlar parlamentlari bilan parlamentlararo hamkorlik guruhlari ishini tashkil etishning huquqiy mexanizmi takomillashtiriladi, O‘zbekistonning milliy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish uchun parlament diplomatiyasidan foydalanish imkoniyatlari kengaytiriladi.

Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilining asosiy g‘oyasi, avvalambor, davlat hamda jamiyat o‘rtasida samarali munosabatlarni o‘rnatish barobarida, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ochiqligini ta’minlashdan iboratdir. Hokimiyat vakillik organlari, ayniqsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatining kundalik faoliyati yuqori darajada shaffof bo‘lishi lozim. Zotan, fuqarolarning erkin xohish-irodasi yo‘li bilan saylangan vakillar o‘z xalqiga hisobdor bo‘lishi zarur. Bunda, ayniqsa, ­Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyasi asosiy omil bo‘lmog‘i kerak. Bugungi kunda parlament faoliyati ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda keng yoritilmoqda. Shu bilan birga, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanishi natijasida saylovchilar bilan aloqalarni mustahkamlash, ular bilan faol muloqot o‘rnatish, ­fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishning yangi imkoniyatlari paydo bo‘layapti. 2017 yilda “Elektron parlament” tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda parlament faoliyati samaradorligi va shaffofligini oshirish, uning faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish orqali xalq bilan muloqotni takomillashtirish, deputatlarga saylangan saylov okruglaridan mahalliy hokimiyat idoralari qarorlarini majburiy yuborish orqali hududdagi ahvoldan xabardorligini oshirish imkoniyati yaratiladi.

Ma’lumki, mamlakatimizda parlament, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda siyosiy partiyalar nomzodlari ishtirok etadi. Ular o‘z elektorati manfaatlarini ifodalaydi, kundalik faoliyatida saylovchilar bildirgan ishonchga tayanib ish tutishi, saylovchilar tomonidan xayrixohlik bildirilgan partiya siyosiy maqsadlariga erishishga intilishi kerak.

Harakatlar strategiyasi doirasida davlat hamda jamiyat qurilishida siyosiy partiyalarning rolini yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi. Xususan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirish maqsadida siyosiy partiyalar deputatlar guruhlarining huquq va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan. Unga binoan, partiya guruhlari mahalliy xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqish, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish haqidagi takliflarni kiritishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, tuman (shahar) hokimi nomzodini viloyat hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish mexanizmi ishlab chiqiladi. Qolaversa, partiya guruhlariga mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining qoniqarsiz faoliyati haqida xulosalarni taqdim qilish huquqini berish masalasi ham nazarda tutilayapti.

Harakatlar strategiyasi maqsad hamda vazifalari, muddatlari aniq, hayotiyligi bilan ajralib turibdi. Bu esa xalq vakillaridan sustkashlik, rasmiyatchilik va mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ymaslikni taqozo etadi. Zero, deputat hamda senator xalq ishonchini oqlashi, Harakatlar strategiyasi ijrosiga daxldorlik tuyg‘usi bilan yondashishi lozim. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik ish faoliyatimizning asosiy tamoyili bo‘lishi ayni muddaodir.

Svetlana ARTIKOVA,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Marta o`qilgan: 13328