×

Ishonch telefoni:

(+998 71) 233-28-28


Kotibiyat

(+998 71) 239-14-27

Faks: +(998 71) 239-15-17


Elektron-pochta: info@tiv.uz


Konsullik boshqarmasi

(+998 71) 233-73-40, 236-27-07 (viza masalalari)

(+998 71) 232-17-30, 233-36-03 (fuqarolik, legalizatsiya va huquqiy yordam masalalari)

(+998 71) 236-37-54 (pasport bo‘limi)

(+998 71) 233-35-58 (konsullik muassasalalari bilan ishlash)


Elektron pochta: consul@mfa.uz


Kontaktlar

Konsullik xizmati
O‘zbekistonga kirish vizasi – E-visa
06:23:24 (GMT +5), chorshanba, 18 - sentabr 2019
Ovoz berishni yoqish Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


14 - fevral 2017

Bobur: “Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur...”

Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek adabiyotining Alisher Navoiydan keyingi buyuk namoyandasi hisoblanadi. Chunki mashhur muarrix Mirzo Haydar ta’biri bilan aytganda: “Turkiy she’riyatda Mir Alisherdan keyin hech kim uningchalik ko‘p yozmagan”. Chindan ham, Bobur ijodi Navoiydan so‘ng alohida bosqichni tashkil etadi. U adabiyotni hayotga, adabiy tilni xalq tiliga yaqinlashtirdi. Atoiy, Lutfiy she’rlaridagi xalqchillik Bobur asarlarida yangicha shaklda qayta tug‘ildi. Xususan, “Boburnoma” bilan u turkiy adabiyotda realistik nasrni boshlab berdi, sodda, xalqona uslubga asos soldi. Shoir merosining hayratlanarli darajada hayotiyligi, ko‘ngilga yaqinligi, tuyg‘ularining tabiiy va samimiyligi shundan.

Bobur g‘azal, ruboiy, tuyuq, qit’a, fard, masnaviy janrlarida qalam tebratib, ayniqsa, g‘azal va ruboiyda yuksak mahorat ko‘rsatgan. Bu she’rlarda Vatan sog‘inchiyu g‘urbat g‘ami, zafarlar quvonchiyu mag‘lubiyatlar alami o‘zining yorqin badiiy ifodasini topgan. Jumladan, hasbi hol, ko‘ngil kayfiyati ifodalangan she’rlar o‘zining samimiyati bilan ajralib turadi. Ba’zi she’rlarida tabiat manzaralarining go‘zal hamda betakror chizgilarini uchratamiz. Ular orasida insoniy komillikka da’vat qilib, ilmu ma’rifatning ahamiyatini ulug‘lab, dunyo, nafs, hoyu havaslar, johillik va g‘ofillikni qoralab yozilgan, pandnasihat yo‘nalishidagi she’rlar ham ancha-muncha. Yengil hamda ravon uslub, sodda va tushunarli til, tabiiy hamda samimiy ifoda tarzi hayotiy hodisalar va shaxsiy kechinmalar talqini bilan uyg‘unlashib, Bobur she’riyatining favqulodda xalqchilligi hamda badiiy barkamolligini ta’minlagan.

Boburni o‘quvchi xuddi o‘zining yaqin hamsuhbati, sirdoshidek qabul qiladi. Sababi shoir o‘quvchi bilan o‘zini teng tutib gapiradi, fazilatlari xususida o‘rtoqlashibgina qolmay, qusurlarini ham mardlik bilan ochib tashlaydi.

Bag‘ri keng, mehridaryo inson bo‘lgan Bobur, o‘ziga yomonlik qilganlarning ham gunohidan o‘tib, qo‘lidan kelgancha yaxshilik ko‘rsatgan. “Boburnoma”da bu boradagi ko‘plab yorqin misollarni uchratamiz. Hasanxoja Nisoriyning yozishicha: “Kimki jahonpanoh dargohiga iltijo qilgan bo‘lsa, podshohning in’omidan bahramand bo‘ldi va fazl dasturxoni ne’matidan quruq, qolmadi. Daryo misol qo‘li bilan saxovat olamiga erkinlik berdi”. Chunki u jahonda faqat yaxshilik poydorligiga, odam bolasidan faqat yaxshilik qolishiga ishongan. Shuning uchun ham barcha elga yaxshilik qilki, shundan yaxshi narsa yo‘q, toki dunyoda falon kishidan yaxshilik qoldi, deb eslab yursin, degan aqida bilan yashagan:

Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q —

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!

Boburning nuqtayi nazariga ko‘ra, inson yashar ekan, ham xalq, ham Haq rizosiga erishish uchun harakat qilishi kerak. Bu insoniy komillik sharti bo‘lib, o‘zi ham dunyoviy va diniy ilmlarni yetarli darajada o‘zlashtirgan, barcha ezgu fazilatlarning sohibi bo‘lgan yetuk inson edi. Shoir bir ruboiysida shunga da’vat etadi:

Nosih so‘zi sanga necha mardud o‘lg‘ay,

Yaxshiyu yamon qoshingda nobud o‘lg‘ay.

Bori emdi maosh bir nav’ etkim,

Haq rozi-yu, olam eli xushnud o‘lg‘ay.

Muttasil ravishda o‘z xatti-harakatlari, aytgan so‘zlarini tahlil qilgan, o‘zini mudom chig‘irikdan o‘tkazib turgan Bobur arzimagan nojo‘ya xatti-harakati, kichik bir aybu xatosi uchun ham o‘zini sira kechirmagan. Shoir she’rlarini mutolaa qilar ekansiz, o‘zini ayamay mazammat etganligining guvohi bo‘lasiz. Zero, o‘z-o‘zi bilan kurashmoq insoniy kamolot yo‘li bo‘lib, natijasi komillik maqomidir.

Shoir talqinida komil inson va yaxshi odam tushunchalari o‘zaro kesishadi. Zero, yaxshi tarbiya ko‘rgan, dunyoviy hamda ilohiy bilimlarni yetarli darajada o‘zlashtirgan, nafsu havoga berilmaydigan, mol-dunyoga hirs qo‘ymagan, insofli, diyonatli, adolatli, saxiy, birovdan yaxshiligini ayamaydigan, xushmuomala, ko‘ngli ochiq, bag‘ri keng, mard, tanti, e’tiqodi mustahkam kishi Bobur nazdida yaxshi, ya’ni komil inson hisoblanadi.

Komil inson uchun keyingi talab nafs tarbiyasi va yaxshi insoniy fazilatlarni o‘zlashtirish, o‘zidagi barcha qusurni mahv etish, nafsning yomonliklari, undan kutulish lozimligi haqida Bobur o‘zining masnaviylaridan birida shunday yozadi.

Garchi zohirda to‘g‘ridektur nafs,

Jisming uyida o‘g‘ridektur nafs.

Komillikning yana bir sharti hammaga yaxshilik qilish, el bilan yaxshi muomalada bo‘lish, xayru saxovat namunalarini ko‘rsatish va boshqa ezgu insoniy fazilatlarki, shoirning bir qator she’rlarida ular ulug‘lanadi.

Bobur uchun komil inson qandaydir samoviy, mavhum bir zot bo‘lmay, balki ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, kasbu hunarda barkamol, ilmu donishda o‘z davrining peshqadami, barcha ezgu fazilatni o‘zida jamlagan real, hayotiy shaxs. Bugina emas. U o‘zining ilmi, hunari, tajribasi, boyligi, imkoniyatini el-yurt manfaati uchun sarflashi kerak. Buyuk zotlar uchun haqiqiy odamiylik — xalq og‘irini yengil qilishda, el xizmatiga kamarbasta bo‘lishdadir.

Boburning aqidasi va hayotiy tajribasiga ko‘ra, har kim qilmishidan topadi: yaxshi odam yomonlik qilishi mumkin emas, yomon kimsaga esa umri ham hayf; xuddi shunday vafo qilgan vafo ko‘radi, jafo qilgan jafo. Bu fikrlar uning she’riy hikmat darajasiga ko‘tarilgan kuyidagi ruboiysida o‘zining yorqin ifodasini topgan:

Har kimki vafo qilsa, vafo topqusidur,

Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidur.

Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonlik hargiz,

Har kimki yomon bo‘lsa, jazo topqusidur.

Aslida, ixchamlik, lo‘ndalik, o‘tkirlik, tushunarlilik va ta’sirchanlik hikmatli so‘zning asosiy xususiyatlari bo‘lib, Bobur o‘z hikmatlarida bu talablarga ortig‘i bilan rioya qilgan. Shoir qalamiga mansub mazmunan teran, badiiy barkamol hikmatlarning asrlarni bo‘ylab kelgani va bundan keyin ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmasligi siri shunda.

Ergash OCHILOV, filologiya fanlari nomzodi.



Muallif: “Xalq so‘zi” gazetasi
Marta o`qilgan: 9670